25 sentyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan BMTning Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayanni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekistonning BMT va uning tuzilmalari bilan konstruktiv munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlik ushbu sheriklikning eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad Al Husayn va BMTning Din yoki e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahidning mamlakatimizga tashriflari natijasida inson huquq va erkinliklari kafolatlarini mustahkamlash, bu boradagi xalqaro muloqotni yanada rivojlantirishga qaratilgan «yo‘l xaritalari» amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 70 dan ziyod xalqaro hujjat, jumladan, BMTning o‘nta asosiy shartnomalariga qo‘shilgan. 2018 yil noyabr oyida Samarqandda ilk bor Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi o‘tkazildi.

Shuningdek, O‘zbekiston parlamenti tomonidan BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va malaka to‘g‘risidagi deklaratsiyasini amalga oshirish bo‘yicha milliy dastur qabul qilingan. Ushbu hujjat sud-huquq sohasi xodimlarining inson huquqlari to‘g‘risidagi bilimlarini oshirishni nazarda tutadi.

Uchrashuvda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan batafsil fikr almashildi, O‘zbekistonning sud-huquq sohasidagi qonunchiligini yanada takomillashtirish jihatlari va qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.