«Humo arena» sport kompleksida para-dzyudo bo‘yicha Toshkent Gran-prisi o‘z yakuniga yetdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ikki kun davom etgan bellashuvlarda dunyoning 35 mamlakatidan 200 ga yaqin sportchi g‘oliblik va Tokioda o‘tadigan paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi reyting ochkolari uchun bahs olib bordi.

Quvonarlisi, O‘zbekiston terma jamoasi mazkur Gran-prini umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda yakunladi. Ular musobaqa davomida 4 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Ikkinchi o‘rin Eron terma jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, ozarbayjonlik para-dzyudochilar kuchli uchlikni yakunlab berdi.