Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHBK) 2020 yilda O‘zbekistonda yoshlarning radikallashishiga qarshi kurashish bo‘yicha bir qator xalqaro anjumanlar o‘tkazadi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 23 sentyabr kuni Nyu-Yorkda OHICHBKga a’zo davlatlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etdi. Delegatsiya AQSHga BMT Bosh Assambleyasining 74-sessiyasida ishtirok etish uchun yetib bordi.

Abdulaziz Kamilov o‘z nutqida yoshlarning barkamol rivojlanishi va o‘zini namoyon qilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishni maqsad qilgan BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish va qabul qilishda birgalikda harakat qilishga chaqirdi. O‘zbekiston prezidenti 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Xalqaro konvensiyani ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgan edi.

«Kelajak. Xavfsizlik, barqaror rivojlanish va qit’amiz farovonligi yosh avlodlarimizni qanday voyaga yetkazayotganimizga bevosita bog‘liq», — dedi vazir.

OHICHBK Osiyo davlatlarining o‘zaro aloqalari va hamkorligini mustahkamlash uchun tashkil etilgan. OHICHBK tarkibidan 26 davlat, 12 kuzatuvchi, jumladan BMT, YeXHT va Arab davlatlari ligasi o‘rin olgan.