O‘zbekiston prezidentining qaroriga binoan Daniya qirolligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ishlayotgan Abdulla Abdisalamovich Azizov Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, deya xabar qildi DSQ matbuot xizmati.

U 2004 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetini tamomlagan. O‘qish davomida 2003 yil Yaponiyaning Nagoya universitetida iqtisodiyot yo‘nalishida o‘qigan.

2006 yili Daniyaning Orxus universitetida moliya va xalqaro biznes yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasini olgan. Shuningdek, 2006 yilda Daniyaning Orxus texnika kollejini IT-dasturchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlab, ushbu yo‘nalishda mehnat faoliyatini boshlagan.

Abdulla Azizov 2006 yildan bugungi kunga qadar Daniyada «Maersk A/S», «DONG Energy A/S», «Carlsberg A/S», «Implement consulting group», «Vestas A/S» hamda yangi lavozimga tayinlangunga qadar «Danfoss» kompaniyasida Moliyaviy biznes loyihalarini avtomatlashtirish sohasiga yuqori standartlarni joriy qilish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

«Vatandoshimiz ham iqtisodchi, ham IT-dasturchi bo‘lganligi uning mehnat faoliyatida yuqori cho‘qqilarni zabt etishiga zamin bo‘lgan. Shu sababli, u yirik xalqaro kompaniyalarda IT-maslahatchisi, IT-yechimlarni joriy qilish loyihasi rahbari, biznes loyihasida ishlab chiqarish va strategiyalarni joriy qilish bo‘yicha menejer maslahatchisi, boshqarma boshlig‘i kabi mas’uliyatli lavozimlarda faoliyat yuritib kelgan», — deyiladi xabarda.

Abdulla Azizov bilan bevosita birga ishlagan rahbar va xodimlar ham u haqida iliq fikrlarni bildirishgan. Masalan, «Carlsberg A/S» kompaniyasidagi menejeri Lasse Helbo Nielsen, Abdulla Azizov kompaniyadagi faoliyati davomida biznes jarayonlarini yaxshilash va optimallashtirishning uddasidan chiqqanligini, ishga yangi, yengil, oddiy hamda ishlovchan mexanizmlarni joriy etishda lider ekanligini qayd etgan.

Abdulla Azizov Davlat soliq qo‘mitasida joriy yilning may-avgust oylarida ekspert sifatida faoliyat olib bordi.

Ushbu qisqa davrda Rossiya Federal soliq xizmati, Birlashgan Arab Amirligi, Janubiy Koreya, Xitoy va Jahon banki ekspertlari bilan soliq organlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda bu sohada malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha kelishuvlar imzolanishiga erishildi.