2020 yilning 1 martidan avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalari (AYOQS), avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (AGTKS) va avtomobillarga gaz quyish stansiyalari (AGQS) jamoat maqsadlariga mo‘ljallangan, kecha-kunduz ishlaydigan, sanitariya va shaharsozlik normalari va qoidalariga javob beradigan sanitariya-gigiyena shoxobchalari (hojatxonalar) bilan ta’minlanishi lozim. Bu Vazirlar Mahkamasining 21 sentyabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, mamlakatdagi mavjud 4000 dan ziyod avtoyoqilg‘i quyish stansiyalarining bor-yo‘g‘i 20 foizi sanitariya-gigiyena shoxobchalari bilan ta’minlangan. Bu esa fuqarolar, shu jumladan turistlarning ko‘plab murojaatlari va shikoyatlariga sabab bo‘lmoqda, deyiladi qarorda.

Sanitariya-gigiyena shoxobchalarini obodonlashtirish to‘g‘risidagi talablarni bajarmagan va kamchiliklarni bartaraf etmagan stansiyalarga gaz va neft mahsulotlarini yetkazib berish to‘xtatiladi, litsenziyasi ham bekor qilinishi mumkin.

Yoqilg‘i quyish shoxobchalari egalariga ularni savdo nuqtalari, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va bepul Wi-Fi zonalari bilan jihozlash tavsiya qilindi.

2020 yilning 1 sentyabriga qadar hududlarda savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish, tez ovqatlanish shoxobchalari. Wi-Fi zonalari va sanitariya-gigena uzellari bilan ta’minlangan bittadan namunaviy AYOQS, AGQS va AGTKSlar tashkil etilishi lozim.

Qo‘shimcha ravishda servis ob’ektlarini tadbirkorlik ob’ektlariga beg‘araz asosda berish uchun «Servis area» toifasiga (avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalari, umumiy ovqatlanish ob’ektlari. Motellar, texnik servis punktlari, avtomobillarni yuvish shoxobchalari, do‘konlar, sanitariya-gigiyena shoxobchalari va wi-fe nuqtalar) va «Servis point» toifasiga (avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalari, umumiy ovqatlanish ob’ektlari, do‘konlar, sanitariya-gigiyena shoxobchalari) ajratga holda joylashtirishning namunaviy master-rejasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.