Vazirlar Mahkamasining 19 sentyabrdagi qarori bilan sobiq Chorsu mehmonxona majmuasi sotuvga qo‘yildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar qildi.

Sobiq mehmonxona majmuasi «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasi orqali 1 so‘mga teng qiymatdagi boshlang‘ich narxda sotuvga qo‘yilgan bo‘lib, auksion bosqichi 100 mln so‘mni tashkil etadi. Auksion savdosi shartlariga ko‘ra, sarmoyador 2 yil muddatda eng kamida 25 mln dollar investitsiya kiritishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 9 martdagi shartnomaga ko‘ra, sobiq «Chorsu» mehmonxona majmuasi «Inter Tourism» mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonaga 2017 — 2019 yillar mobaynida hukumat kafolatisiz 33,0 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish orqali 270 o‘ringa mo‘ljallangan 4 yulduzli mehmonxona majmuasini qurish va 350 ta yangi ish o‘rinini yaratish sharti bilan sotilgan edi.

Xorijiy korxona tomonidan oldi-sotdi shartnomasida belgilangan majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilmagani sababli, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2019 yil 2 iyuldagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi shartnoma bekor qilingan.