O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi «O‘zstandart» agentligiga Vazirlar Mahkamasining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori loyihasining ayrim bandlarini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qildi.

«O‘zstandart» agentligi tomonidan tayyorlangan hujjat 19 sentyabr kuni jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan bo‘lib, unda quyidagi bandlar ham o‘rin olgan:

  • tegishli milliy belgi bilan markalanmagan mahsulotlar savdosini taqiqlash. Har biri bir nechta tovarni o‘z ichiga olgan 102 ta banddan iborat majburiy sertifikatlanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxati;
  • avval qo‘llanilgan avtomobil va qishloq xo‘jaligi texnikalari shinalari, avtotransport vositalari uchun ehtiyot qismlar, to‘qimachilik va yengil sanoat mahsulotlari, elektromaishiy texnika importini taqiqlash;
  • elektr iste’mol qiluvchi mahsulotlarni olib kirishga faqatgina mamlakat hududlarida eng kamida bitta xizmat ko‘rsatish markazi bo‘lgan ishlab chiqaruvchi zavod (rasmiy diler) vakolatxonasiga ruxsat beriladi. Yangi tartib joriy etiladigan elektrotexnikalar ro‘yxatidan muzlatkichlar, konditsionerlar, ventilyatorlar, idish-tovoq va kir yuvish mashinalari, changyutkichlar, uyali aloqa vositalari va boshqalar o‘rin olgan.

Yangi tartiblar qaror loyihasi qabul qilingan taqdirda. 2020 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi.

«O‘rganish natijalari bo‘yicha, hujjat loyihasida yuridik va jismoniy shaxslarni, tadbirkorlik sub’ektlarini manfaatlariga zid keluvchi shuningdek raqobat muhitiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlar nazarda tutilgani aniqlandi», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Xususan, loyihaning 2 bandida mahsulotni sertifikatsiya qilishda mahsulotning aynan shu turi uchun akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyasi (sinov turi) yo‘q bo‘lgan taqdirda, sertifikat beruvchi organ natijalarni haqqoniyligini ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘lgan sinov shartlarini, sinov o‘tkaziladigan joyni belgilashi mumkin deb aytilgan.

Qo‘mitaning fikricha,sertifikatsiya beruvchi organning ihtiyoriga qarab sinov laboratoriyasini tanlash, hamda buyurtmachining ishtirokisizsinov shartlarini belgilashkorrupsiyaga olib kelishi mumkin. Bu borada qo‘mita tomonidan sertifikat beruvchi organ buyurtmachi bilan kelishgan holda sinovlarni o‘tkazish imkoniyati, joyi va shartlarini belgilashi maqsadga muvofiq bo‘lishi to‘g‘risida taklif berildi.

Yuqorida qayt etilganlardan kelib chiqqan holda, loyihada nazarda tutilgan shartlar ishlab chiqaruvchi zavodning xarajatlarini ko‘payishi, bozor ishtirokchilarining sonini qisqarishi, shuningdek iste’molchilarning manfaatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini hisobga olgan holda, Qo‘mita tomonidan ushbu bandni chiqarib tashlash taklif qilindi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan hujjat loyihasini ishlab chiqaruvchi — «O‘zstandart» agentliga o‘zining tegishli takliflarini taqdim etdi.