O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi va Olmaotadagi Bosh konsulxonasi (Chimkent shahri uning konsullik okrugiga kiradi) Chimkentda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning mahalliy yoshlar tomonidan kaltaklanishi holati bo‘yicha vaziyatni nazoratga oldi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, 21 sentyabr kuni Chimkentdagi Mintaqaviy ijtimoiy-innovatsion universitetda O‘zbekiston elchisi Saidikrom Niyazxodjayev, Chimkent hokimligi vakillari, universitet rektori Sandibay Boranbayev va boshqalar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Chimkentda ta’lim olayotgan O‘zbekiston fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash, qoidabuzarlarga qonuniy choralar ko‘rish va kelajakda noxush hodisalarning oldini olish uchun zarur profilaktika tadbirlarini o‘tkazish borasida ko‘riladigan choralar muhokama qilindi.

Ayni vaqtda TIVning topshirig‘iga binoan Bosh konsulxona vakillari shaharda bo‘lib turibdi, hudud va universitet rahbariyatlari, o‘zbekistonlik talabalar bilan aloqa o‘rnatilgan.

«Barcha mavjud muammolar Chimkent shahri mahalliy hokimiyati bilan birgalikda hal qilinadi. Mahalliy hokimiyat diplomatik vakolatxona faoliyatiga har tomonlama yordam ko‘rsatmoqda», deyiladi xabarda.

Avvalroq Chimkentda tahsil olayotgan talabalarning murojaati ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Murojaatda aytilishicha, o‘zbekistonlik talabalar turli bayramlarda, hatto do‘konga chiqqanda ham o‘ldirish bilan tahdid qilinmoqda va kaltaklanmoqda. Ta’kidlanishicha, Mintaqaviy ijtimoiy-innovatsion universitetda 400 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talaba ta’lim olmoqda.