22 sentyabr kuni soat taxminan 15.30 larda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Toshkent-Chimyon avtomobil yo‘lining 81 kilometrida avtoturargohda to‘xtab turgan Golden Dragon turistik avtobusi yo‘ldan chiqib, pastlikka tushib ketdi. Hodisa aks etgan fotosuratlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmatining xabar qilishicha. Hodisa vaqtida avtobusda hech kim bo‘lmagan. Neytral tezlikda turgan mashina o‘z-o‘zidan harakatlarib, 30−40 metr masofani bosib o‘tgan va 10 metr pastlikka tushib ketgan.

Avtobus 2016 yilda ishlab chiqarilgan va texnik soz holatda bo‘lgan. Unda hindistonlik 20 nafar sayyoh olib ketilayotgan edi.

Mazkur holat natijasida, hech kim tan jarohati olmagan avtobus texnik shikastlangan bo‘lib, qisqa muddatlar ichida uni chiqarish choralari ko‘rilgan.