Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi Jo‘rayevlar xonadonida, bir yo‘la 4 nafar egizak farzand dunyoga keldi. O‘tgan yili turmush qurgan Shoira Jo‘rayeva Bekobod shahridagi farmatsevtika zavodida kichik xodim, Bekzod Jo‘rayev esa O‘zbekiston metallurgiya komibinatida injener.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

«Quvonchimni, hayajonimni hech qanday so‘z bilan izohlay olmayman, — deydi ona Shoira Jo‘rayeva. — Dastavval 4 nafar egizak kutayotganimni eshitganimda ham xursand bo‘ldim, ham qo‘rqdim. Shifokorlardan minnatdorman. Men bilan yelkama-yelka turib, yaqin jigarlaridek g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdi. Farzandlarim eson-omon tug‘ilishida yordam berishdi»

«Shoira Jo‘rayeva homiladorlikning boshlanishidan turar joyidagi tibbiyot muassasasida nazoratga olingan, — deydi markazning homiladorlar patologiyasi bo‘limi boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi Dilfuza Hayitova. — Unda erta tug‘ruq xavfi bo‘lgani uchun avgust oyining oxirida Bekobod shahridan markazga o‘tkazildi. To tug‘ruqqacha unga zamonaviy perenatal texnologiyalar bo‘yicha barcha yordam ko‘rsatildi. Shifokorlarning tajribasi sababerta tug‘ruqning oldi olinib, tug‘ruqni 34 haftaga olib borishga erishildi. Bolalarni sog‘-salomat ona qo‘liga topshirish chora-tadbirlarini belgilash maqsadida odatdagidek markaz direktori, o‘rinbosari hamda barcha mutaxassislar ishtirokida tug‘ruq rejasi tuzildi. Tug‘ruq jarayoni uchun barcha zamonaviy apparatlar shay holatga keltirilib, 21 sentabr kuni ayol jarrohliq amaliyotiga rejali ravishda olindi».

Tibbiyot tarixida kamdan-kam kuzatiladigan ko‘p homilali operatsiyalarning asoratli ehtimoli juda kuchli bo‘ladi. Ya’ni bu jarayonda bachadondan qon ketib, ayolning ahvoli og‘irlashishi mumkin. Shu bois barcha zaruriy tayyorgarliklar ko‘rildi. Har bir bolaga to‘liq tibbiy yordam ko‘rsatish uchun alohida mutaxassislar va apparatlar tayyorlandi, deyiladi xabarda.

Shu tariqa akusher genekolog, neanotolog, reanimatolog, anisteziolog kabi mutaxassislardan tarkib topgan o‘n kishidaniborat malakali guruh operatsiyada ishtirok etdi. Tug‘ruqning asoratsiz o‘tishi uchun jarrohliq amaliyoti so‘nggi perenatal texnologiyalar bo‘yicha olib borildi. Salkam bir soat davom etgan operatsiya muvaffaqiyatli kechdi. Hozirda chaqaloqlarning uch nafari intensiv bolalar bo‘limida. Bir nafarining ahvoli e’tibortalab bo‘lgani uchun chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limida kuzatuv va intensiz davolash jarayonida.

Onaning ahvoli ancha yaxshi. U operatsiya stolidayoq to‘rt nafar bolasi, ya’ni ikki o‘g‘il va ikki qizaloqni bag‘riga oldi. Bolalarni parvarishlashda bevosita o‘zi ishtirok etmoqda.

O‘sha kuni Toshkentda istiqomat qiluvchi 7 yildan buyon farzand kutayotgan Javdat va Umida Mamadiyevlar oilasida bir emas, 3 nafar farzand, ya’ni bir o‘g‘il va ikki qiz dunyoga keldi.Xabarda qayd etilishicha, Umida Mamadiyeva ham Respublika Perenatal markazida rejali ravishda tug‘ruqqa tayyorlandi. To‘liq tarkibdagi guruh ish olib bordi. Hozirda bolalarning ahvoli yaxshi. Ona bolalar parvarishi bilan mashg‘ul.