Fanlar akademiyasi tizimida davlat muassasasi shaklidagi Milliy arxeologiya markazi tashkil etildi. 21 sentyabr kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi arxeologik tadqiqotlarni tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati

Qaror bilan Arxeologik tadqiqotlar instituti negizida Ya.G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti ham tashkil etildi.

Markazning asosiy vazifalaridan biri arxeologik tadqiqotlarni ilmiy-uslubiy jihatdan yo‘naltirish va arxeologik izlanishlarda zamonaviy tadqiqot uslublarini keng qo‘llashdan iborat.

Qarorga ko‘ra, ochiq osmon ostidagi muzeylarda va arxeologiya namoyishi ob’ektlarida davlat-xususiy sheriklik shartlarida:

tashrif buyuruvchilarga kirish chiptalari zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sotiladi;

milliy hunarmandchilik mahsulotlari savdo shaxobchalari, shu jumladan ularni tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari tashkil etiladi;

zamonaviy sanitariya-gigiyena shaxobchalari tashkil etiladi.

2021 yildan boshlab har ikki yilda bir marta Namangan viloyatida Axsikent yodgorligi asosida keng xalq ommasiga tarix bilimini targ‘ib etish hamda turizmni rivojlantirish maqsadida «O‘tmishga sayohat» xalqaro tarixiy-madaniy festival o‘tkaziladi.