Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper o‘rtadasidagi shartnoma o‘zaro kelishuvga asosan bekor qilindi. Milliy terma jamoada bundan buyon Vadim Abramov bosh murabbiy sifatida faoliyat olib boradi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

O‘FA murabbiylar kengashi shu kungacha «Bunyodkor»da ishlab kelgan Vadim Karlenovich nomzodini ma’qulladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi ushbu mutaxassis boshchiligida Qatar yashil maydonlarida o‘tgan Osiyo kubogi-2011da qit’a birinchiliklaridagi o‘zining eng yaxshi natijasini qayd etgan.

Vadim Abramovga murabbiylar shtabida O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida uzoq yillar muvaffaqiyatli o‘yin ko‘rsatgan va endilikda murabbiylik sohasida ham qisqa vaqt ichida tez o‘sishga erishib, muxlislar ishonchini qozonishga ulgurgan Timur Kapadze yordam beradi.

Shuningdek, o‘zbek futboli muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan avstraliyalik tajribali mutaxassis Mirko Yelichich futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi bilan shug‘ullanadi. Darvozabonlar bilan esa Denis Ivankov ishlashda davom etadi.