Sharqiy harbiy okrugga qarashli «G‘urumsaroy» dala-o‘quv maydonida o‘zbekistonlik va tojikistonlik harbiylar ishtirokida «Markaz — 2019» doirasida o‘tkazilgan qo‘mondonlik-shtab strategik o‘quvlari yakunlandi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi xborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Ikki davlat harbiylari qo‘mondonlik kuzatuvi ostida o‘zlariga topshirilgan jangovar vazifani muvaffaqiyatli yakunladi. O‘quv mashg‘ulotlari shartli jangarilar to‘dasini bartaraf etish ssenariysi ikki epizodli ko‘rinish ostida o‘tkazildi. Dastlab ikki davlat harbiylaridan iborat maxsus guruh terrorchilar tomonidan egallab olingan shartli hududni tozalash va u yerdagi garovga olingan tinch aholi vakillarini ozod etish operatsiyasini bajarishdi. Maxsus tog‘-tayyorgarlik, merganlar va vertolyot yordamida yetib kelgan ishg‘ol guruhlari zirhli mashinalarda harakatlangan guruhni qo‘llab-quvvatlab turdi. Guruhlarning o‘zaro uyushqoqlik bilan harakat qilishi natijasida shartli aholi yashash xududi jangarilardan butunlay tozalanib, garovga olinganlar ozod etildi.

Mashg‘ulot rejasiga asosan, ikkinchi ko‘rinishda noqonuniy qurollangan shartli jangarilar guruhi Tojikiston va O‘zbekiston chegarasida harakatlanayotgani haqida razvedka ma’lumotlari olindi. Shartli dushmanning qaysi davlat hududida ekanligi noaniqligi sabab, ikki davlat harbiylari chegara hududida bir vaqtda razvedka-qidiruv ishlarini boshlagan holda harakatlandi. Maxsus-taktik operatsiya davomida ikki davlat bo‘linmalari harbiy aviatsiya, yengil zirhlangan mashinalar va artilleriya qo‘shinlari ko‘magida jangarilar to‘dasiga qarshi puxta ishlab chiqilgan reja asosida, qo‘qqisdan keng ko‘lamli zarbalar berishdi. O‘zbekiston va Tojikiston harbiylarining birgalikda maxsus-taktik amaliyotlarni olib borishi, terroristik xavf-xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish imkoniyatini berdi.

Mashg‘ulot o‘tkazilgan maydonda taktik o‘quvlarning samaradorligini oshirish uchun shartli chegara hududi tashkil etilishi ham mashg‘ulotlarning real vaziyatda o‘tishini ta’minladi. Xalqaro qo‘mondonlik-shtab strategik o‘quvlari oldin o‘tkazilgan mashg‘ulotlar ham bo‘linmalarning o‘zaro uyushqoqlik bilan harakat qilishini va terrorchilarni yo‘q qilish operatsiyasining samaradorligini oshirdi.

Shuningdek, har ikki mashg‘ulotga Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tez tibbiy yordam xizmati, Namangan viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va Chust tumani harbiylashgan yong‘in xavfsizligi bo‘limi ham jalb etildi. Ular operatsiya yakunida jangarilardan tozalangan shartli hududda o‘zlariga topshirilgan vazifani bajarishdi.

O‘zbekiston va Tojikiston harbiylari o‘rtasida tashkillashtirilgan «Markaz — 2019» qo‘mondonlik-shtab strategik o‘quvlari muvaffaqiyatli yakunlandi va ishtirokchilar «G‘urumsaroy» dala maydoniga saf tortishdi. Tadbirning tantanali yopilish marosimida Mudofaa vazirligi mas’ul ofitseri polkovnik Shavkat Mamajonov, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Lutfullo Buzrukov, Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Bahrom Nurmatov, viloyat yoshlari, faxriylar va Tojikiston Respublikasi quriqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari general-mayor Ixtiyor Oxunzoda Ne’matullo so‘zga chiqishdi.

Foto