Rossiyaning «Tatneft» kompaniyasi 20 sentyabr kuni Toshkentda birinchi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasini ochdi. U Qoratosh ko‘chasida Samarqand Darvoza ko‘chasi chorrahasi yaqinida joylashgan.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov kompaniyaning O‘zbekistondagi birinchi, dunyoda ikkinchi flagman shoxobchasi ekanini ta’kidladi. Bundan tashqari, O‘zbekistondagi yuqori oktanli AI-100 benzini sotadigan birinchi AYOQSH bo‘ldi.

Stansiyada AI-95, AI-92, AI-80 benzinlari va dizel yoqilg‘isi ham sotiladi. Avval xabar qilinganidek, «Tatneft» o‘zining «Taneko» neftni qayta ishlash majmuasida ishlab chiqarilgan benzini keltirib sotadi.

Iyul oyi o‘rtasida Rossiya kompaniyasi Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida AYOQSH ochgan edi. Kompaniya poytaxt viloyatida 22 ta stansiyadan iborat tarmoq ochishni rejalashtirmoqda.

Alisher Sultanov O‘zbekiston «Tatneft» bilan boshqa yo‘nalishlarda ham hamkorlik qilish maqsadida ekanini eslab o‘tdi.

«Biz ular bilan Toshkent yaqinidagi blokda geologik razvedka ishlarini boshlaymiz, Farg‘ona vodiysida neftni qazib olish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etamiz, avtomobil shinalari, transportyor tasmalarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etamiz», — dedi energetika vaziri.