Human bandlik agentligi direktori ko‘p miqdorda firibgarlikda ayblanmoqda. Bu haqda Toshkent Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar qildi.

16 sentyabr kuni Toshkentning Yakkasaroy tumani IIO FMBga jamoaviy ariza kelib tushdi. Jami 52 kishidan tashkil topgan va respublikaning turli hududlarida istiqomat qiluvchi arizachilar O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 2018 yil noyabr oyida taqdim etilgan litsenziyaga ega bo‘lgan Human bandlik agentligi bilan 2018 yilning noyabr oyidan 2019 yilning sentyabr oyigacha shartnomalar tuzishganini ma’lum qilgan.

Shartnomalarga ko‘ra, bandlik agentligi ularni Yevropa davlatlarida, xususan, Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Turkiya, Bolgariya va Litvada ishga joylashtirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan. Buning uchun har bir arizachi agentlik hisob raqamiga 18 dan 35 million so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi mablag‘ni ko‘chirgan. Shu tarzda bandlik agentligining hisob raqamiga 52 nafar arizachilardan umumiy miqdorda 1,67 mlrd so‘m kelib tushgan.

Biroq arizachilardan hech biri chet elda ishga joylashtirilmadi. MCHJ jabrlanuvchilarga pullarni qaytarib bermagani haqida O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘zining rasmiy saytida xabar bergan.

Tergovoldi harakatlari Yakkasaroy tumani IIO FMB va prokuraturasi tomonidan hamkorlikda olib borildi. Natijada Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 4-qismi «a» bandi («Firibgarlik, juda ko‘p miqdorda») bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hozirgi vaqtda ayblanuvchi sifatida ushbu agentlik direktori 29 yoshli Shoxnur F. jalb qilindi.

«Agarda siz ham ushbu agentlik harakatlaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ushbu ish bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lsangiz, 71−230−98−40 raqami orqali murojaat qiling», — deyiladi IIBB xabarida.