O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentyabr kuni arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat boshqaruvi va nazoratini takomillashtirish, qog‘oz shaklidagi, kino, foto va fono hujjatlarini raqamlashtirishni yanada jadallashtirishga qaratilgan farmonni imzoladi.

Farmon bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «O‘zarxiv» agentligi negizida O‘zbekiston «O‘zarxiv» agentligi tashkil etilmoqda.

2020 yil 1 yanvardan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyatida shakllanadigan boshqaruv (ish yuritish)ga oid, ilmiy-texnikaviy va boshqa hujjatlarning arxiv saqloviga topshirilishida hamda o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilinishida ularning elektron va Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi hujjatlarining sug‘urta nusxalari talab etiladi.

2020 yil 1 iyungacha Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda davlat arxivlarida saqlanayotgan tarixiy davr (1917 yilgacha) arxiv hujjatlari o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqariladi.

2020 yil 1 iyundan quyidagi davlat xizmatlarini Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilishi belgilandi:

  • o‘qiganlikni tasdiqlash haqidagi arxiv ma’lumotnomasini berish;
  • ish stajini tasdiqlash haqidagi arxiv ma’lumotnomasini berish;
  • ish haqini tasdiqlash haqidagi arxiv ma’lumotnomasini berish;
  • arab alifbosida yaratilgan turkiy, forsiy va arabcha hujjatlardagi axborotlar bo‘yicha annotatsiya ma’lumotlarini tayyorlab berish;
  • arxiv hujjatlari, kitoblar va qo‘lyozmalarni raqamlashtirish (elektron nusxa olish).

Farmon bilan yil oxiriga qadar doimiy saqlovga olinadigan hujjatlar tarkibini optimizatsiya qilish, Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismini doimiy saqlash huquqi berilgan vazirliklar, idoralar, tarmoq davlat fondlari va tashkilotlar ro‘yxatini qisqartirish, arxiv ishi jarayonlarini to‘liq qamrab oluvchi va interaktiv qidiruv imkoniyatlari mavjud bo‘lgan «Arxiv ishi» yagona axborot tizimi yaratish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.

2021 yil 1 yanvargacha davlat arxivlarida saqlanayotgan fondlarni xatlovdan o‘tkazib, ular haqida tegishli ma’lumotlarni qamrab olgan ma’lumotlar bazasini yaratish rejalashtirilmoqda.

Quyidagilar tuziladi:

  • Markaziy davlat arxivi negizida O‘zbekiston Milliy arxivi;
  • Kinofotofono hujjatlari markaziy davlat arxivi negizida O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi;
  • Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari markaziy davlat arxivi negizida O‘zbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi;
  • Toshkent shahar davlat arxivi negizida Toshkent shahar markaziy davlat arxivi;
  • Agentlik huzurida muassasa shaklida Arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazi;
  • Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Arxiv ishini rivojlantirish jamg‘armasi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2020 yil 1 martgacha respublika shaharlari va tumanlari hokimliklari tomonidan tuzilgan shaxsiy tarkib bo‘yicha idoralararo arxivlarni Agentlik idoraviy bo‘ysunuviga o‘tkazishlari va ular negizida shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlarini tashkil etishlari lozim. 2020 yil 1 iyunga qadar shaxsiy tarkib bo‘yicha davlat arxivlari davlat-xususiy sheriklik asosidagi shaxsiy tarkib hujjatlari arxivlariga aylantiriladi va 2023 yil 1 yanvargacha bosqichma-bosqich davlat arxivlari saqlovida bo‘lgan shaxsiy tarkib hujjatlari shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlariga o‘tkaziladi.

Joriy yilda O‘zbekistonda arxiv faoliyati tashkil etilganining 100 yilligi nishonlanadi.