Xabar berganimizdek, bugun Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o‘tkazilayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatida final janglari bo‘lib o‘tmoqda.

+91 kg vaznda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Osiyo chempioni va jahon chempionati sovrindori Bahodir Jalolov uchinchi oltin medal egasiga aylandi. Bahodir final bahsida o‘zining azaliy raqibi Kuanish Ko‘nkabayevga qarshi bahs olib bordi.

Bu ikki bokschi bunga qadar to‘rt marta to‘qnashgan bo‘lib, hisob 2:2 bo‘lib turgandi. Bahodir bu jangdagi g‘alaba evaziga hisobni o‘z foydasiga hal qilish bilan birga, jahon chempioni ham bo‘ldi.

Musobaqada vakillari bitta bronza, bitta kumush va uchta oltin medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.