19 sentyab kuni Xalq deputatlari Boysun tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida To‘rayev O‘ktam Ismoilovich boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan Boysun tumani hokimi vazifasidan ozod qilindi, deya xabar qildi Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati. Shu kungacha Sariosiyo tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Jo‘rayev Asqarali Choriyevich Boysun tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Asqarali Jo‘rayev (1972 y. t.) — Namangan sanoat-texnologiya instituti (1994), Toshkent davlat yuridik instituti (2002) tamomlagan. 2016 yilda Sariosiyo tumani hokimi etib tayinlangunga qadar, Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi organlarida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

19 sentyabr kuni, shuningdek, Xalq deputatlari Qumqo‘rg‘on tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Unda Choriyev Normo‘min Omonovich boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan Qumqo‘rg‘on tumani hokimi vazifasidan ozod qilindi. Shu kungacha viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Gapparov Rahmatullo Boboxonovich Qumqo‘rg‘on tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Rahmatullo Gapparov (1984 y. t.) — Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini (2005) tamomlagan. 2018 yilda Surxondaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangunga qadar, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.