20 sentyabr kuni Xalq deputatlari Sho‘rchi tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Alimov Botir To‘rayevich boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan tuman hokimi vazifasidan ozod qilindi, deya xabar qildi Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati. Shu kungacha viloyat hokimligi moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Xudoyberganov Baxtiyor Hayitovich Sho‘rchi tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Baxtiyor Xudoyberganov (1976 y. t.) faoliyati davomida Muzrabot tumani hamda Termiz shahar hokimliklari moliya bo‘limi mudiri, 2017 yildan viloyat hokimligi moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, 19 sentyabr kuni Surxondaryo viloyatining Denov va Qumqo‘rg‘on tumanlarida ham yangi hokimlar tayinlandi. O‘tkazilgan barcha Xalq deputatlari tuman kengashlarining navbatdan tashqari sessiyalarida viloyat hokimi To‘ra Bobolov, tuman Kengashi deputatlari, viloyat va tuman hokimliklari vakillari, korxona va tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, prezidentning davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherzod Kudbiyev ishtirok etdi.