O‘zbekiston Bosh konsulxonasi OAVda tarqalgan 17 sentyabrga o‘tar kechasi Sankt-Peterburgda ikki noma’lum shaxsning O‘zbekiston fuqarosi A.T.ga o‘ldirish maqsadida hujum qilgani haqidagi xabarlarni tasdiqladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Hujum qilganlar gaz ballonchalari va pichoq bilan qurollanib, A. T.ga pichoq bilan bir nechta tan jarohatlari yetkazib, so‘ngra hodisa joyidan yashiringan. O‘zbekiston fuqarosi shifoxonaga yotqizilgan, uning ahvoli o‘rtacha og‘ir deb baholanmoqda.

Sankt-Peterburg Tergov boshqarmasi 17 sentyabr kuni ikki nafar gumonlanuvchining qo‘lga olinganini xabar qildi. Avvalroq «Interfaks» agentligi ularning moskvalik bo‘lgani, biri Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti talabasi, ikkinchisi esa ishsiz ekanini ma’lum qilgan edi. Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning har ikkisi ham aybini tan olgani yo‘q va ko‘rsatma berishdan bosh tortishmoqda.

Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasida (milliy motivlar bilan qotillikka urinish) ko‘zda tutilgan jinoyat alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari hamda jabrlanuvchi davolanayotgan tibbiyot muassasasi bilan aloqa o‘rnatgan.