22 dekabr — O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kuni deb belgiladi. Markaziy saylov komissiyasi (MSK) 20 sentyabr kuni bu haqdagi qarorni qabul qildi.

Xuddi shu kundan saylov kampaniyasi boshlanishi e’lon qilindi va saylovni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Saylovlarda birinchi marta beshta siyosiy partiya o‘z nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega. Bular — «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi va Ekologik partiya.

2019 yildagi saylovlar ilk bor yangi Saylov kodeksiga muvofiq ravishda o‘tkaziladi. Unga ko‘ra, siyosiy partiyalar endilikda nafaqat 135 ta, balki barcha 150 ta saylov okrugida nomzodlarni ilgari sura oladi. Ekologik harakat uchun kvotalarning bekor qilinishi partiyalararo raqobatni kuchaytirishi kutilmoqda.

Saylovlarda 20 milliondan ortiq saylovchi, shulardan ikki millondan ziyod yoshlar ilk bor, ovoz beradi.

Hozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2014 yil dekabrida to‘rtta siyosiy partiya va Ekologik harakatdan besh yil muddatga saylangan 150 nafar deputat doimiy asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zLiDeP 52, «Milliy tiklanish» — 36, XDP — 27 va «Adolat» — 20 o‘ringa ega. Ekologik harakatga avtomat ravishda 15 o‘rin ajratilgan.