2020−2030 yillarda Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Hujjat qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni auksion orqali berish, ijara shartnomalarini faqatgina sud orqali to‘xtatish, paxta va bug‘doy uchun davlat buyurtmasini bekor qilish, agrosanoat sektorida davlat-xususiy sherikchilikni (DXSH) joriy etish hamda ilm-fanni rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev jurnalistlar bilan uchrashuvda hujjatning muhim bandlari hamda qishloq xo‘jaligida islohotlarni amalga oshirish zarur bo‘lgan fundamental o‘zgarishlar to‘g‘risida so‘zlab berdi.

Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari

Strategiya loyihasini ishlab chiqishda xalqaro va milliy ekspertlar ishtirok etdi. Ular fermerlar hamda boshqa qishloq xo‘jaligi sub’ektlari muammolarini o‘rganib, qishloq xo‘jaligining davlat tomonidan boshqarilishiga oid zanjirlarni tahlil qildi. Strategiya mavjud muammolar va ularni hal etish mexanizmlarini o‘z ichiga oladi. Uni amalga oshirish uchun o‘nlab normativ hujjatlarni qabul qilish rejalashtirilmoqda.

Hujjat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ishbilarmonlik uchun qulay muhit yaratish, davlat rolini kamaytirish va investiyaviy jozibadorlikni oshirish, davlab boshqaruvining zamonaviy tizimlari, ilm-fan, ta’lim, qishloq joylarini rivojlantirish hamda ishonchli statistika tizimini ishlab chiqishga ustuvor ahamiyat beradi.

Foto: Shonazar Qoriyev / O‘zA

Strategiyaga ko‘ra, 2030 yilgacha quyidagi o‘sishlarga erishiladi:

  • agrooziq-ovqat mahsulotlari eksportini yiliga 20 mlrd dollargacha oshirish (2018 yilda 2,3 mlrd dollar);
  • qishloq xo‘jaligida mehnat samaradorligini har bir qishloq xo‘jaligi xodimiga nisbatan yiliga 8000 dollarga yetkazish (hozirda — 3900 dollar);
  • oziq-ovqat va yengil sanoatda bandlar sonini 20 foizga yetkazish (6 foiz);
  • eksportda qayta ishlangan mahsulotlar hajmini 40 foizga yetkazish (25 foiz);
  • qishloq xo‘jaligida tadqiqotlar uchun davlat xarajatlarini 1 foizgacha oshirish (0,2 foiz);
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar umumiy maydonining 40 foizigachasini (5 foiz) suvni tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olish;
  • ozuqa ekinlari yetishtiriladigan maydonlar hajmini qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan jami yerlarning 15 foiziga yetkazish (7 foiz).

Bundan tashqari, strategiya yuqori darajada sho‘rlangan yerlar maydonini 37 foizgacha (2018 yilda 45 foiz) qisqartirish hamda oziq-ovqat taqchilligiga barham berishni ham ko‘zda tutadi.

«Ushu o‘zgarishlarga erishish uchun qishloq xo‘jaligida, aniq qilib aytganda ruxsatnomalar, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishda davlat boshqaruvi hamda fermerlar, klasterlar va boshqa sub’ektlarning yerga egalik huquqi sohasida islohotlarni amalga oshirish zarur. Biz qishloq xo‘jaligi va yerga egalik huquqi ustidan davlat nazorati masalasini hal eta olmas ekanmiz, ushbu strategiyada hech narsaga erisha olmaymiz», — dedi Jamshid Xodjayev.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga egalik huquqi

Strategiya loyihasiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar davlat mulki bo‘lib qolaveradi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni taqdim etish va olib qo‘yish bo‘yicha hokimlar vakolatlari cheklanadi va shaffoflashadi. 2020 yilda hududlar rahbarlari yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi sub’ektlari, shu jumladan xorijiy kompaniyalarga tanlov asosida va onlayn-auksionlar orqali berishни ko‘zda tutuvchi tartiblarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Bunda yerdan foydalanish shartnomasini faqatgina sud qarorlari va qishloq xo‘jaligi yerlaridan mahrum etish borasida qabul qilingan xalqaro standartlar bo‘yicha bekor qilish mumkin bo‘ladi.

Foto: Muqimjon Qodirov / O‘zA

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab mamlakatlarda ijara shartnomasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning ekologik holati buzilgani va ulardan boshqa maqsadlarda foydalangani ortidan bekor qilinadi.

«Bu mahalliy va xorijiy investor pullarining havoga uchmasligini his etishlari uchun muhim. Bu — fundamental o‘zgarish», — dedi u.

Islohotlar qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar hajmini oshirishi va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar sifatining yaxshilanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

«Hozirda fermerlar va klasterlarda ushbu yerlardan uzoq muddatli istiqbolda foydalanishga ishonch yo‘q. Tahlillarimizga ko‘ra, 7000 ga yaqin fermerlar yerlarga o‘rtacha bir yarim yil egalik qilmoqda. Bu ularda ushbu yerlarga mulk sifatida qarash hissi yo‘qligini anglatadi… Biz birinchi navbatda ushbu yerlar xolic va haqqoniy taqsimlanishi yoki uzoq muddatga ijaraga berilishini xohlaymiz», — deya ta’kidladi Jamshid Xodjayev.

2021 yilda «birinchi voz kechish» mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, yer uchastkalari birinchi navbatda qo‘shni yer egalariga taklif etiladi, ular voz kechgan taqdirdagina uchastkalar boshqa yer egalari uchun taqdim etiladi.

2022 yilda subijara va ijara huquqini berish mexanizmlarini joriy etish taklif qilinmoqda. Natijada ijarachilar va subijarachilar umumiy sonining 20 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Jamshid Xodjayev qora bozorda qishloq xo‘jaligi yerlari narxi ularning sifati va infratuzilmalar mavjudligiga bog‘liq ekanini ta’kidladi. Biroq bu hujjatlarda aks ettirilmaydi hamda fermerlar va klasterlar uchun katta muammo hisoblanadi.

Shuning uchun 2023 yilda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning kadastr qiymatlari va soliqqa tortish tizimlarini qayta ko‘rib chiqish, ikkilamchi qishloq xo‘jaligi yerlari bozorini yaratish hamda uzoq muddatli ijara huquqidan garov sifatida foydalanishni joriy etish rejalashtirilmoqda. Natijada qishloq xo‘jaligi yerlari kapitalizatsiyasining o‘sishi ta’minlanadi.

Davlat xaridlari tizimi

Bugungi kunda fermerlarga nima ekish, qanday va qancha miqdordagi texnika, o‘g‘itlar va urug‘larni sotib olishni davlat hal qiladi, deya qayd etdi qishloq xo‘jaligi vaziri. Buning uchun hukumat «Agrobank» davlat bankiga Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali 9 trln so‘m qarz ajratmoqda.

Strategiya loyihasi paxta va bug‘doy sektorini demonopolizatsiya qilishni ko‘zda tutadi. Buning uchun yerlarni klaster va kooperatsiyalarga taqdim etishning o‘zi yetarli emas. Paxta va bug‘doy ma’murchiligi mexanizmlarini ham tubdan o‘zgartirish kerak.

Foto: Muqimjon Qodirov / O‘zA

«Prezident vazir etib tayinlaganidan keyin oldimga qo‘ygan birinchi vazifasi paxta va bug‘doy ortidan quvish emas, balki qishloq xo‘jaligi tizimini iqtisodiyot va bozor nuqtai nazaridan isloh qiluvchi strategiyani ishlab chiqish bo‘lgan», — dedi Jamshid Xodjayev.

Hozirda paxta va bug‘doyni qayta ishlash, saqlash va sotish bilan davlat tuzilmalari shug‘ullanmoqda. «O‘zdonmahsulot» va «O‘zpaxtasanoat» kompaniyalari o‘z yo‘nalishida siyosat yuritib, ayni shu siyosatni o‘zlari ado etmoqda (o‘zi topshiriq berib, uni o‘zi bajarmoqda). Strategiya ushbu korxonalarning xususiylashtirilishi hamda 2021 yilda davlat paxta va bug‘doyni sotib olishdan voz kechishini ko‘zda tutadi.

Strategiya loyihasi davlatning bozorda, jumladan bug‘doy borasida intervension mexanizmlarga o‘tishini taklif qilmoqda. 2020 yildayoq bug‘doy bozorida intervensiyani amalga oshirish uchun Inventensiya jamg‘armasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Bug‘doy xaridlari davlat tomonidan faqatgina intervensiya jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash uchun amalga oshiriladi. Bunda davlat bozor narxida sotib olayotgan bug‘doy ham mahalliy, ham import bug‘doyi bo‘lishi mumkin. Davlat faqatgina yuqori tebranishlar kuzatilayotgan vaqtdagina bug‘doy narxi xilma-xilligiga aralashishi mumkin. Qolgan barcha holatlarda bug‘doy narxi xilma-xilligi bozor tamoyillari va bozordagi kon’yunkturaga mos ravishda ta’minlanadi. Intervensiya mexanizmlari turli omillarni hisobga olgan holda takomillashtiriladi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz»

O‘zbekistonda paxta yetishtirish va qayta ishlash uchun barcha infratuzilmalar va ishlab chiqarish quvvatlari mavjud, deya ishonch bildirdi Jamshid Xodjayev. Biroq, strategiya loyihasiga ko‘ra, fermerlar paxtani xususiy sektor buyurtmasiga muvofiq yetishtiradi. Korxonalarning o‘zlari narxni belgilaydi, ishchi kuchini to‘playdi va boshqa ishlab chiqaruvchilar bilan raqobat qiladi.

«Paxtaga nisbatan biz shok oqibatlarsiz transformatsiyani amalga oshirishni xohlaymiz, biroq talabchanlik bilan va qisqa muddatlarda», — deya qo‘shimcha qildi qishloq xo‘jaligi vaziri.

Barcha o‘simliklar uchun narxlar xilma-xilligi 2021 yilda bozor mexanizmlariga o‘tkaziladi. 2022 yilda esa Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini moliyalashtirish tamoyillari isloh qilinadi.

Hozirda jamg‘arma paxta va bug‘doy yetishtirishdagi yoqilg‘i-moylash vositalari, urug‘, agrotexnik tadbirlar kabi 12 ta xarajatlar bandi bo‘yicha mablag‘ ajratmoqda. Uni mablag‘larni keyinchalik fermerlarga qayta moliyalashtirishga yo‘naltirishlari uchun banklarga berish tizimiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu vaqtinchalik mexanizm bo‘lib, keyinchalik mamlakat maqsadli dasturlarni moliyalashtirishga o‘tadi.

Qishloq xo‘jaligi subsektorlarini rivojlantirish va qishloq joylarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan maqsadli dasturlarni shakllantirish hamda amalga oshirish uchun Jamarma Qishloq xo‘jaligi vazirligi tarkibiga o‘tkaziladi.

Strategiya loyihasiga ko‘ra, 2023 yilda barcha qishloq xo‘jaligi ekinlarini erkin joylashtirish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu jamg‘arma xarajatlari va yo‘qotishlarini qisqartirishga, qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymatning yillik o‘sishini 4 foizga yetkazishga olib kelishi kutilmoqda.

Suv resurslari

Mamlakatdagi suv resurslarining 85 foizga yaqinidan qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanilmoqda. Ushbu suvlarning eng kamida 30 foizi bug‘lanish va boshqa sabablar bilan dalalarga yetib borayotgani yo‘q. Faqatgina 5 foiz sug‘oriladigan yerlarda suvdan samarali foydalanish tizimlaridan foydalanilmoqda. Jamshid Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga YAIMning 3 foizi yo‘naltirilmoqda, boshqa davlatlarda esa bu ko‘rsatkich 1 foizni tashkil etadi.

«Qishloq xo‘jaligidagi 70 foizga yaqin xarajatlar irrigatsiya tizimiga ketadi. Irrigatsiya tizimi ichidagi xarajatlarning 70−80 foizini esa elektr energiyasi tashkil etadi», — dedi vazir.

Jamshid Xodjayev joriy yil oxiriga qadar 2020−2030 yillarda Suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilish, kelgusida esa Suv resurslari va irrigatsiya sektorini boshqarish strategiyasi ishlab chiqish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Yer osti suvlari iste’molchilarining yagona statistik hisobdorligini joriy etish rejalashtirilmoqda.

2020 yilda vertikal va yer osti melioratsiya texnologiyalari hamda tuproqning sho‘rlanish bosqichlarini monitoring qilish tizimlarini joriy etish boshlanadi. Suv tejovchi texnologiyalar milliy ishlab chiqaruvchilari va xaridorlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yaratish reja qilinmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vaziri irrigatsiya infratuzilmalarini qisman klasterlar, kooperativlar va boshqa ob’ektlarga berishni o‘z ichiga olgan irrigatsiya va melioratsiyada davlat-xususiy sherikchilik loyihalarini suv resurslari tizimidagi muhim o‘zgarishlardan deb atadi. Xususiy sarmoyadorlarning irrigatsiya infratuzilmalarini qayta tiklashga investitsiya kiritishi davlat byudjetining operatsion xarajatlari va suv yo‘qotishlarini qisqartirishga xizmat qiladi.

Foto: Sirojiddin Aslonov / O‘zA

«Hech bir agrar davlatda irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish uchun byudjet mablag‘lari yetishmaydi. Hozirda davlat xarajatlari joriy muammolarga yo‘naltirilmoqda, modernizatsiya uchun esa mablag‘lar yetishmaydi. Bu biznes ommabop bo‘lishi va xususiy sektor uchun o‘zini oqlashi lozim. Agarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari nasoslar o‘rnatishni va irrigatsiya tizimini takomillashtirishni xohlashsa, biz ularga bunday imkoniyatni berishimiz kerak», — dedi Jamshid Xodjayev.

Ta’lim va ilm-fan

«Fermerlarni o‘qitmasdan turib qishloq xo‘jaligi va agrosanoat kompleksini funksional o‘zgartirish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlariga yo‘naltirilayotgan davlat xarajatlari miqdorini oshirmasdan turib [strategiyani] amalga oshira olmaymiz», — deb hisoblaydi Jamshid Xodjayev.

Strategiyani amalga oshirishning dastlabki bosqichida Urug‘chilik markazi hamda Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini isloh qilish rejalashtirilmoqda.

2020 yilda Qishloq xo‘jaligi sohasidagi tadqiqotlar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etish, qishloq xo‘jaligi sohasidagi uchta ilmiy-tadqiqot institutini modernizatsiya qilish hamda ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyati tizimi xarajatlarini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

2021 yilda xalqaro standartlar bo‘yicha milliy gen bankini tuzish reja qilinmoqda. Strategiya loyihasiga ko‘ra, 2022 yilda agrar sohasidagi ta’lim tizimi va ilmiy-tadqiqot institutlari DXSHni joriy etish hamda davlat OTMlari va ITIlarni optimallashtirish orqali isloh qilinadi.

Qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish

Jamshid Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, axborot va innovatsion texnologiyalarsiz qishloq xo‘jaligini isloh qilib bo‘lmaydi. Strategiya loyihasiga ko‘ra, 2025 yilgachayoq ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va saqlash axborot texnologiyalari yordamida amalga oshiriladi, qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olib chiqiladi. 2025 yilda hayvonlarni majburiy identifikatsiya qilish va ular harakati monitoringi tizimi joriy etiladi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi vazirining so‘zlariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldosh orqali o‘rganish tizimi ham ishlab chiqilmoqda. Kelgusi yildan ishga tushirilishi rejalashtirilgan ushbu tizim yordamida tuproq tarkibini o‘rganish, eng maqbul ekin turi va zarur o‘g‘itlarni tanlab olish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Strategiyaning muhokama qilinayotgan talqini qishloq joylari uchun maxsus mo‘ljallab tashkil etilgan korxonalar hisobidan qishloq hududlarini rivojlantirishni taklif etmoqda.

Strategiya loyihasi chorvachilikni rivojlantirishni ko‘zda tutadi. Biroq, Jamshid Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, chorvachilikka sarmoyalarni jalb etish uchun ozuqa ekinlarini yetishtirish uchun yerlarga egalikning fundamental kafolatlari zarur.

Foto: Muqimjon Qodirov / O‘zA

«Eksportni oshirish, chorvachilik va baliqchilikni rivojlantirish qishloq xo‘jaligi sektorida zarur bo‘lgan fundamental o‘zgarishlarga bog‘liq. Biz 30 yil bir xil rejimda ishlashga o‘rganib qoldik. Biroq yerdan foydalanish bo‘yicha ushbu islohotlarsiz biz qishloq xo‘jaligida korrupsiyaga qarshi kurashish, innovatsiyalarni rivojlantirish, ishlab chiqarishni ikki barobarga oshirolmaymiz. Bozor mexanizmlariga o‘tmasdan turib byudjet xarajatlari tuzilmasini o‘zgartira olmaymiz», — dedi qishloq xo‘jaligi vaziri.