18 sentyabr kuni Samarqanddagi eshkak eshish kanali hududida turistik markaz qurilishi boshlandi, deya xabar qildi O‘zA. Tadbirda O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov hamda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 26 iyul kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida chet ellik va mahalliy sayyohlar uchun turistik markaz hamda dam olish maskanini qurish haqida topshiriq bergan edi.

Loyiha qurilishiga mas’ul Timur Soyning ma’lum qilishicha, turistik markaz ikki hududdan iborat bo‘lib, eshkak eshish kanalining shimoliy hududida zamonaviy anjumanlar saroyi, ikkita besh yulduzli, ikkita to‘rt yulduzli mehmonxona va boshqa inshootlar quriladi. Mazkur hudud — markazning biznes hududi hisoblanadi.

Janubiy hudud esa ichki turizm uchun mo‘ljallanib, bu yerda oltita mehmonxona, akva park, sport inshootlari, restoran va kafelar, milliy mahsulotlar bilan savdo qiluvchi nuqtalar bunyod etiladi. Shuningdek, mazkur hududda dendra park tashkil etiladi va bu yerda mahalliy aholi oilaviy kelib hordiq chiqarishi uchun imkoniyat yaratiladi. Hududda bir vaqtning o‘zida uch ming kishi dam olishi mumkin bo‘ladi.

Sayyohlik markazi hududidagi yo‘llar asosan elektromobillar qatnoviga mo‘ljallanadi. Shuningdek, veloyo‘lak, piyoda sayr qilish uchun yo‘laklar bo‘ladi.

Yangi markaz qurilishi davomida eshkak eshish kanalining tabiiy shart-sharoit va imkoniyatlari saqlab qolingan holda, bu yerda yirik xalqaro musobaqalar o‘tkazish uchun yanada qulay, zamon talablariga mos sharoit yaratiladi.

Bugun boshlangan qurilish ishlarini 2021 yil oxiriga qadar yakunlash rejalashtirilgan.