«Markaz — 2019» qo‘mondonlik-shtab strategik o‘quvlari o‘tkazishga hozirlik ko‘rayotgan o‘zbekistonlik va tojikistonlik harbiylar «G‘urumsaroy» dala-o‘quv maydonida tayyorgarlik jarayonlarini boshlab yubordi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.


Mashg‘ulot rejasiga asosan, noqonuniy qurollangan jangarilar guruhi Tojikiston va O‘zbekiston chegarasida harakatlanayotgani haqida razvedka ma’lumotlari kelib tushgan. Shartli dushmanning qaysi davlat hududida ekanligi noaniqligi sabab ikki davlat harbiylari chegara tumanida bir vaqtda razvedka-qidiruv ishlarini boshlagan holda harakatlanadi.


Maxsus-taktik operatsiya davomida ikki davlat bo‘linmalari harbiy aviatsiya, yengil zirhlangan mashinalar va artilleriya qo‘shinlari ko‘magida jangarilar to‘dasini butkul yakson qilishi lozim. Ta’kidlash joizki, mazkur o‘quv O‘zbekiston va Tojikiston harbiylariga chegara hududlarida birgalikda maxsus-taktik amaliyotlarni olib borish, terroristik xavf-xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish imkoniyatini beradi.


Mashg‘ulot o‘tkazilgan maydonda taktik o‘quvlarning samaradorligini oshirish uchun shartli chegara hududi tashkil etildi. O‘quv oldi mashg‘ulotida bo‘linmalar o‘zaro uyushqoqlik bilan harakat qilganligi shartli terrorchilarni yo‘q qilish operatsiyasi samaradorligini oshirmoqda.

Ushbu o‘quv mashg‘ulotining ahamiyatli jihatlaridan yana biri — qo‘shni davlat harbiy xizmatchilariga yurtimizning qadimiy tarixi, betakror tabiati bilan tanishish imkoniyati ham yaratilganida. Mehmonlar Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon saroyi, «Buyuk allomaar» muzeyida bo‘ldilar. Taassurotlarga boy o‘tgan ekskursiyadan so‘ng mehmonlarga Qo‘qon shahrining san’at vakillari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish qilindi.


Shuningdek, «G‘urumsaroy» dala-o‘quv markazida ham mehmonlarning ko‘ngilli dam olishlarini ta’minlash, ikki davlat harbiylari o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlash maqsadida har oqshom vodiyning xushovoz xonandayu mohir sozadalari tomonidan badiiy kechalar tashkil etilmoqda.