BMTning sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayan 19−25 sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi, deya xabar qildi BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi.

Maxsus ma’ruzachining tashrifidan ko‘zlangan maqsad hukumat sudya va advokatlar mustaqilligi va yurist kasbida erkin faoliyat yuritilishi sohasida qabul qilgan choralarni baholashdan iborat.

«Tashrifim davomida sud-huquq sohasidagi islohotlarning sudyalar mustaqilligi va hokimiyatlar ajratilganligi kabi prinsiplarga mosligini baholash maqsadida hukumat bilan konstruktiv miloqot o‘rnatish niyatidaman, — dedi Garksiya-Sayan. — Adliya tizimi doirasida sudyalar, prokurorlar va advokatlar o‘z kasbiy faoliyatini erkin olib borish imkoniyatiga ega bo‘lishlari va vazifalarini bajarish chog‘ida har qanday tahdid, ishlariga aralashuv yoki bosimdan ham qonunda, ham amalda muhofazalangan bo‘lishlari lozim».

Ekspert 2017 yilda Sudyalar Oliy kengashi mustaqil, sudlar mustaqilligini mustahkamlash va muhofaza kilish borasida keng vakolatlarga ega organ sifatida barpo etilganini ma’qulladi va sudyalarni tanlash, lavozimga tayinlash, malakalarini oshirish va intizomiy choralar ko‘rish uchun mas’ul ushbu organning salohiyatini oshirish borasida amaliy tavsiyalar berishni istashini ma’lum qildi.

«Shuningdek, men yuridik kasbda mustaqil faoliyat olib borishni, xususan, Advokatlar uyushmasining hukumat va boshqa ijroiya organlaridan mustaqil ekanligini ta’minlovchi huquqiy kafolatlar mavjudligini ham baholamoqchiman, — dedi Garsiya-Sayan. — U hozirda yuridik kasb va bu kasb egalarining mustaqilligi va izchilligini ta’minlab himoyalashda hayotiy ahamiyatga ega advokatlar uyushmalariga bag‘ishlangan mavzuli hisobot e’lon qilgan».

Tashrif davomida BMT eksperti hukumat va qonun chiqaruvchi hokimiyat rasmiylari, shuningdek sudyalar, prokurorlar va advokatlar bilan uchrashadi. U, shuningdek, fuqarolik jamiyati, olimlar, BMT agentliklari, donorlar va diplomatik jamoa bilan ham uchrashadi.

Maxsus ma’ruzachi natijalar va tavsiyalarni o‘z ichiga olgan to‘liq ma’ruzani Jenevadagi Inson huquqlari kengashiga 2020 yil iyun oyida taqdim etadi.