Asossiz chaqiriqlar tez tibbiy yordam sifatiga ta’sir ko‘rsatmoqda, deya xabar qildi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Shoshilinch va tez tibbiy yordam masalalari bo‘yicha mahalliy koordinator Obidjon Dilmurodovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda «tez yordam»ga tushayotgan murojaatlarning 30 foizdan ko‘prog‘ini asossiz chaqiriqlar tashkil etadi.

«Bularning aksariyati surunkali kasalligi bor bemorlardir. Poytaxtimizdagi „tez yordam“ xizmatiga ularning ba’zilari yiliga 500 martadan hatto 1000 martagacha murojaat qiladi», — dedi u.

Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokor o‘rinbosari Ilhom Aslonovning ta’kidlashicha, surunkali kasalliklarni davolash «tez yordam» shifokorlarining vazifasi hisoblanmaydi.

«„Tez yordam“ shifokori kasallikning hayot uchun xavf solishi mumkin bo‘lgan belgilarini bartaraf etadi, xolos. Bu bemorga vaqtincha yengillik beradi. Bemor darddan to‘la xalos bo‘lishi uchun umumiy amaliyot shifokori nazoratida turib yoki shifoxonada yotib davolanishi kerak», — dedi u.

Ana shunday asossiz chaqiriqlar tufayli «tez yordam» xizmatida tig‘izlik yuzaga keladi. Natijada shoshilinch tibbiy yordamga haqiqatan muhtoj bo‘lgan bemorlarga o‘z vaqtida yetib borish imkoniyati cheklanmoqda, deya ta’kidladi Ilhom Aslonov.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, «tez yordam»ni dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash so‘nggi uch yil ichida 5,2 barobarga ko‘paydi. Bugungi kunda har 13 ming nafar aholiga bitta «tez yordam» mashinasi to‘g‘ri keladi. Bu xalqaro standartlarga to‘la mosdir.