O‘zbekiston va Tojikiston xavfsizlik kengashlari terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum hamda xavfsizlik sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish bo‘yicha choralarni ko‘zda tutuvchi bayonnomani imzoladi, deya xabar qildi O‘zA.

Yaqinda Toshkentda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov hamda Tojikiston Xavfsizlik kengashi kotibi Maxmadali Vatanzoda mahkamalar o‘rtasida ikki tomonlama maslahatlashuvlarni o‘tkazgan edi.

Maslahatlashuvlar jarayonida ekstremistik va terroristik faoliyatlarga qarshi birgalikda kurashish, chegaralarda xavfsizlikni ta’minlash hamda ikki davlatning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish sohalarida hamkorlik mexanizmlarini yaxshilash masalalari ko‘rib chiqildi.

Shu kunlarda Namangan viloyatidagi «G‘urumsaroy» poligonida «Markaz-2019» xalqaro harbiy o‘quvi bo‘lib o‘tmoqda. Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston va Tojikiston harbiy bo‘linmalari o‘z davlatlarining janubiy sarhadlarida vaziyatning beqarorlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun shartli terroristik tuzilmalarni birgalikda yo‘q qiladi. Bir vaqtning o‘zida Rossiyaning Orenburg viloyatidagi «Donguz» poligonida ham «Markaz-2019» o‘quvi bo‘lib o‘tmoqda. Mashg‘ulotlarda O‘zbekiston va Tojikiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda.