Sankt-Peterburg Tergov qo‘mitasi ikki nafar O‘zbekiston fuqarosiga qarshi Petrodvorsoviy tumani yo‘l-patrul xizmati xodimiga hujum qilganlik holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi, deya xabar qildi mahkama matbuot xizmati.

YPX xodimi 9 sentyabr kuni Ropshinskoye shossesida hujjatlarni tekshirish uchun «Gazel» avtomobilini to‘xtatadi. Yo‘lovchilar — ikki nafar O‘zbekiston fuqarosida — hujjatlar bo‘lmagan, ularga vaziyatga oydinlik kiritish uchun politsiya bo‘limiga borish taklif qilinadi. Kelib chiqqan mojaro vaqtida ulardan biri politsiya xodimiga tan jarohatlari yetkazadi.

O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi hodisa haqidagi ma’lumotlarni tasdiqladi. «Haydovchi va bir yo‘lovchi qo‘lga olingan. Uchinchi ishtirokchini qidirish va qo‘lga olish choralari ko‘rilmoqda», — deya qayd etdi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Politsiya xodimi tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda gumondorga ehtiyot chorasini qo‘llash va ayblov e’lon qilish masalalari hal etilmoqda. Jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi vaziyatni nazoratga olgan va Sankt-Peterburg tergov organlari bilan amaliy aloqalarni o‘rnatgan.