O‘zbekiston hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deya xabar qildi Adliya vazirligining rasmiy Telegram-kanali. Vazirlar Mahkamasi 17-sentyabr kuni tegishli qarorini qabul qildi.

Qarorga muvofiq, mobil qurilmalar:

  • 2019-yil 1-noyabrgacha — ularni avtomatik tarzda mobil aloqa operatorlari tarmoqlariga ulash (aktivlashtirish) orqali bepul asosda;
  • 2019-yil 1-noyabrdan — jismoniy shaxslar, import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchi korxonalarning mobil qurilmalarni xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimiga murojaat qilishi orqali bepul, 2019-yil 1-dekabrdan esa pulli asosda ro‘yxatga olinadi.

Nizomga ko‘ra, mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish Tizim operatori yoki Tizim ro‘yxatga oluvchisiga murojaat bo‘yicha amalga oshiriladi.

Avval ro‘yxatga olingan mobil qurilmalar qayta ro‘yxatga olinmaydi.