Apreldan buyon Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga rahbarlik qilib kelayotgan Axadbek Yaxyobekovich Haydarov O‘zbekiston moliya vazirining davlat byudjeti va xalqaro moliyaviy munosabatlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.Foto: Moliya vazirligi.

Axadbek Haydarov ushbu lavozimga Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori etib tayinlangan Bahrom Ashrafxonov o‘rniga tayinlandi.

Axadbek Haydarov (1971 y. t.) — O‘zbekiston Milliy universiteti bitiruvchisi (1994). 2017−2019 yillarda moliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Turli yillarda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki raisining birinchi o‘rinbosari va «Mikrokreditbank» rahbari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

2018 yildan buyon qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan Abdimuxtor Ergashevich Ergashev moliya vazirining agrosanoat majmuasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

Abdimuxtor Ergashev (1977 y. t.) — Termiz davlat universiteti (2000), Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (2004) hamda prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (2009) bitiruvchisi.