Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Hamroyev Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «Fuqarolik holati dalolatnomalari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi.

«Har bir inson o‘zi qilgan ishidan, mehnatidan qoniqish hosil qilibgina g‘ayrati oshaveradi, yana ishlagisi kelaveradi, mehnatini davom ettirishga intilaveradi. Deputatlarimizning sa’y harakatlari sharofati bilan xalqimizning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan ko‘plab muammolar hal bo‘lganini eslasam deputatlik faoliyatimizni, parlament nazoratini kuchaytirishimiz kerak degan qat’iy qarorga kelaman. Kerakmas chiroqlar o‘chgandan, mashinada soya-salqinda yurganlik uchun to‘lovlar optimallashganidan va yana ko‘plab savob ishlar parlament a’zolari tomonidan qilinganidan g‘ururlana boshlayman. Lekin doim emas. Ba’zan shunchaki, ishlash kerakligi uchun ishlayotgandek xis qilaman va asabiylasha boshlayman.

Kuni kecha bir guruh deputat va mutaxassislar ishtirokida «Fuqarolik holati dalolatnomalari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini dastlabki tarzda muhokama qildik. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, 2019 yil 11 iyunda Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilgan.

Shuncha mehnat, bir olam rasmiyatchilik, yuzlab bet yozishmalar. Lekin natija nima bo‘ladi? Hech qanday yangilik, yengillik bermaydigan hujjat bunyodga keladi. Qilgan mehnatingga achinib ketasan, kishi.

Hamma gap shundaki, mazkur loyihaning hech qanday «tishi» yo‘q, yangiligi yo‘q. Undagi normalarning hammasi Oila kodeksida, Fuqarolik kodeksida, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan qoidalarda mavjud.

Yuqorida aytilganidek, qonun loyihasini ishlab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining «Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish» nomli VII bo‘limidagi qoidalardan (fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishning umumiy qoidalari, tug‘ilganlik, nikoh, nikohdan ajralganlik, o‘limni qayd etish, familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish tartibi, shuningdek dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirish, tuzatish, qo‘shimcha kiritish hamda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini tiklash va bekor qilish tartibi) foydalanilgan.

Biroq, qonun qabul qilinishi munosabati bilan Oila kodeksining mazkur bo‘limini bekor qilish taklif qilinmoqda. Bu noto‘g‘ri. Chunki Oila kodeksi 7-bo‘limining bekor qilinishi kodeksining boshqa moddalari va bo‘limlariga ham ta’sir ko‘rsatib, ushbu kodeksning mantiqiy yaxlitligi mutloqo buzilishiga olib keladi. Buni tushunmoq uchun katta tajribali yurist bo‘lish shart emas.

Loyiha Qonunchilik palatasiga kiritilgunga qadar amaldagi tartib-taomilga binoan Adliya vazirligi, Oliy sud va boshqa manfaatdor organlar bilan kelishilganligi qayd etilgan. Shu o‘rinda Adliya vazirligi qonunni ko‘rib chiqqaniga ham shubha qila boshlayman. Qonunchilik palatasiga kiritishdan oldin Adliya vazirligi uni yuridik ekspertizadan o‘tkazgan ham bo‘lsa kerak…

Xullas, hademay loyihani qabul qilish masalasi ovozga qo‘yilsa, qarshi ovoz beraman.

«Milliy tiklanish» DP fraksiyasi faollari, fraksiyadoshlarim ham meni qo‘llab-quvvatlashlariga ishonaman".