19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi qit’a chempionatining final bosqichi ilk bor O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Musobaqa 2020 yil 14−31 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi, deya xabar qildi O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati.

17 sentyabr kuni Malayziyaning Kuala Lumpur shahrida OFK Musobaqalar qo‘mitasining ilk yig‘ilish o‘tkazildi va unda U-19 Osiyo chempionati bahslarini qabul qilish uchun ariza bergan mamlakatlar ichida O‘zbekiston nomzodi ma’qullandi.

Noyabrda Saudiya Arabistonida 2020 yilgi Osiyo chempionati saralash uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Hozirda O‘zbekiston jamoasi Iordaniyada tayyorgarlik ko‘rmoqda va bugunga qadar ushbu mamlakat terma jamoasi bilan ikki bor o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi.

Sentyabr boshida futbol bo‘yicha O‘zbekiston U-23 olimpiya terma jamoasi Toshkentdagi o‘rtoqlik uchrashuvida Eron jamoasi ustidan yirik hisobda g‘alabaga erishgan edi. Uchrashuv 4:1 hisobida yakunlandi.