17 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudida sudlanuvchilar Yakkabog‘ tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlagan Mansur Tuymayev va tadbirkor Bahriddin Isamovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati matbuot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Aziz Obidov «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudi raisi Lutfulla Mamarajabov raisligida ko‘rib chiqilmoqda.

Bahriddin Isomov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 25,98-moddasi (kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Mansur Tuymayev esa Jinoyat kodeksining 192−1-moddasi (xususiy mulk huquqini buzish) 3-qismi «a» bandi va 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Sud davomida 15 dan ortiq jabrlanuvchi va 60 dan ziyod guvoh so‘roq qilinadi. Sud jarayoni davom etmoqda. Keyingi sud majlisi 25 sentyabr kuni o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, 20 iyul kuni tadbirkor Bahriddin Isomov oldindan ogohlantirmasdan va tovon pulini to‘lamasdan kredit mablag‘lari hisobiga qurilgan ikki qavatli do‘kon va sex binosini buzmonchi bo‘lgan hokim o‘rinbosari ustiga benzin sepib, yoqib yuborgan edi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tadbirkorga nisbatan shu kuni tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani hamda tegishli protsessual tartibda ushlangani haqida xabar berdi.