Adliya vazirining 13 sentyabrdagi buyrug‘i bilan 716 turdagi (avval — 693 ta) davlat xizmatlarini o‘z ichiga olgan Davlat xizmatlari yagona reyestrining yangi tahriri tasdiqlandi.

Norma.uz xabariga ko‘ra, reyestrga quyidagi yangi pozitsiyalar kiritilgan:

  • o‘zini o‘zi band qilganlarga vaqtinchalik guvohnomasi berish;
  • bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘laridan subsidiya va grantlap ajratish;
  • xususiy bandlik agentliklariga litsenziya berish, shuningdek ularni Xususiy bandlik agentliklari reyestriga kiritish;
  • tabiiy gazni hisobga olish priborini (hisoblagich) plombalash;
  • xorijga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarning kasbiy malakasini tasdiqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan o‘tkazish;
  • alohida asoslarga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan bo‘shatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlash;
  • OTM talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash;
  • OTMning sirtqi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilish uchun hujjatlarni qabul qilish;
  • xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta ta’lim olganlik to‘g‘risida hujjatlarni tan olish uchun elektron ariza yuborish;
  • bolalarni ixtisoslashtirilgan bolalar bog‘chalariga qabul qilish;
  • gerb tasviri tushirilgan muhrlarni yasatish huquqini beruvchi ruxsatnoma berish;
  • IIOning xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari tomonidan turistlar va turistik guruhlarni kuzatib borish bo‘yicha pulli xizmatlar ko‘rsatish;
  • fuqarolarning xorijga chiqishi uchun biometrik pasport berish va boshqalar.

Yangi davlat xizmatlari turlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Davlat xizmatlari ro‘yxati