O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 sentyabr kuni Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston va OFK o‘rtasidagi samarali sheriklik mamlakatimizda futbolni ommalashtirish va yoshlarni ushbu sport turiga keng jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgani va izchil rivojlanib borayotganini alohida qayd etdi.

O‘zbekiston 1994 yildan buyon konfederatsiya a’zosi hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu tashkilot bilan birgalikda futbolni rivojlantirish, jumladan, hududlarda zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish va mavjudini rekonstruksiya qilish, yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, ayollar futbolini taraqqiy ettirish, muhim xalqaro musobaqalarni o‘tkazish, texnik ko‘mak bo‘yicha ustuvor loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan ko‘plab tadbir va dasturlar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda Osiyo futbol konfederatsiyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekistonda futbol bo‘yicha yirik xalqaro musobaqalar, jumladan, o‘smirlar, yoshlar va xotin-qizlar jamoalari o‘rtasida jahon va qit’a birinchiliklarini tashkil etish uchun imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Konfederatsiya O‘zbekistonda xalqaro darajadagi futbol infratuzilmasini yaratish, uslubiy ta’minot, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yuqori malakali mutaxassislar, murabbiylar va hakamlarni tayyorlashda ko‘magini davom ettirishi muhim ekani ta’kidlandi.

OFK prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda ommaviy sportni targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan siyosatni, jumladan, futbol rivoji qo‘llab-quvvatlanayotganini yuksak baholadi.

Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa Osiyo futbol konfederatsiyasi O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirishda qat’iy ekani hamda amaliy hamkorlikka qaratilgan yangi dastur va loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini ta’kidladi.