«O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi va Toshkent metropoliteni O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan Yevropa mobillik haftaligi doirasida 19 sentyabrda Bepul metro kuni uchun ko‘ngilochar dastur tayyorladi. Bu haqda temir yo‘l tashuvchisi matbuot xizmati xabar qildi.

Shu kuni «Oybek» va «Mingo‘rik» stansiyalari o‘rtasida 8:00 da teatr-musiqiy sahna namoyish etiladi. 17:00 dan 19:00 ga qadar simfonik orkestr chiqishi tashkil etiladi.

Kun davomida Amir Temur xiyoboni va Yunus Rajabiy stansiyalari o‘rtasida san’atshunoslar va kamer torli kvartet ishtirokida rasmlar galereyasi tashkil etiladi.

«Paxtakor» va Alisher Navoiy stansiyalari o‘rtasidagi o‘tish joyidagi vestibyulda o‘tkaziladigan fotoko‘rgazmada Toshkent metropoliteni tarixi va rivojlanishini ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, stansiyalari o‘rtasida harakatlanuvchi tarkiblarda 10:00—12:00 va 20:00—22:00 da fleshmoblar tashkil etiladi. Uchta yo‘nalishdagi stansiyalar o‘rtasidagi harakatlanuvchi tarkiblarda raqs jamoalari chiqishlar qiladi. Ko‘cha musiqachilari gitara, kaxon va saksafonda kompozitsiyalar ijro etadi, opera qo‘shiqchilari esa musiqiy fleshmobning ikkinchi qismida chiqishlar qiladi.

Bolalar uchun mimlar, illyuziyachilar hamda superqahramonlar va multqahramonlar liboslaridagi animatorlar chiqishlari tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa mobillik haftaligi doirasida 22 sentyabr kuni Avtomobilsiz kun o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan. Kun davomida Lutfiy ko‘chasi shaxsiy avtomobillar uchun yopilib, bu yerda ko‘ngilochar va ta’limiy tadbirlar o‘tkaziladi.