17 sentyabr kuni Namangan viloyatidagi «G‘urumsaroy» dala-o‘quv maydonida O‘zbekiston va Tojikiston harbiylari ishtirokidagi strategik qo‘mondonlik shtab mashg‘ulotlari doirasidan o‘rin olgan «Markaz — 2019» o‘quviga start berildi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.


Ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Pavel Ergashev ushbu o‘quv mashg‘ulotlari davlatlar o‘rtasidagi harbiy munosabatlarning mustahkamlanishiga hamda jangovar tayyorgarlikni oshirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidlab, o‘quv-mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgan o‘zbek va tojik harbiylariga muvaffaqiyat tiladi.


Tojikiston Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari general-mayor Ixtiyor Oxunzoda Ne’matullo ham «G‘urumsaroy» poligonida tashkillashtirilayotgan «Markaz — 2019» o‘quv-mashg‘ulotlarining O‘zbekiston va Tojikiston harbiylarining hamkorligida tashlangan navbatdagi qadam bo‘lishini aytib, tadbir tashkilotchilariga do‘stona kutib olish tadbirlari uchun o‘z minnatdorchiligi bildirdi.

Shuningdek, o‘zbekistonlik va tojikistonlik harbiylar nomidan so‘zga chiqqan o‘quv-mashg‘ulot qatnashchilari o‘zlariga bildirilgan ishonchni a’lo darajada bajarishga so‘z berishdi.

Kunning ikkinchi yarmida Tojikistondan tashrif buyurgan mehmonlar uchun Qo‘qon shahri tarixiy obidalari bo‘ylab ekskursiya uyushtirildi. Unda qo‘shni davlat harbiylari uzoq asrlik o‘tmishimizdan so‘zlovchi tarixiy majmualar va muzeylar bilan tanishishdi.


Eslatib o‘tamiz, «Markaz — 2019» o‘quv mashg‘uloti doirasida Rossiyada bo‘lib o‘tadigan amaliy harakatlar bilan bir vaqtda Namangan viloyatida joylashgan «G‘urumsaroy» poligonida O‘zbekiston va Tojikiston harbiy bo‘linmalari tomonidan shartli ravishda janubiy sarhadlarga suqilib kirgan terrorchi guruhlarga qarshi hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari ham o‘tkaziladi.