Ijtimoiy tarmoqlarda «YPX xodimi ayol kishini dubinkada urib o‘ldirib qo‘ydi» sarlavhasi bilan tarqatilgan xabar Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi inspektori shu yil 12 sentyabr kuni taxminan soat 18.30 lar atrofida Urgut tumani 4-R-47, «Bulung‘ur-Urgut-M-39» avtomobil yo‘llarida xizmat olib borayotganida, 2000 yilda tug‘ilgan, Toyloq tumanida yashovchi J.S. fuqaro E.N.ga tegishli bo‘lgan «Damas» rusumli, 30 X 568 MA davlat raqamli avtomashinani Navoiy-Urgut yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib kelayotganida, YHXB inspektori tomonidan to‘xtatilib, uning hujjatlari tekshirilganida, avtomashinaning sug‘urta polisi muddati o‘tganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan YHXB inspektori haydovchi J.S.ga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirayotgan vaqtida, ushbu avtomashinada yo‘lovchi sifatida kelayotgan 1965 yilda tug‘ilgan Q.R. uning o‘g‘illari, 1988 yilda tug‘ilgan Q.B. hamda 1993 yilda tug‘ilgan Q.S.lar YHXB inspektori faoliyatiga to‘sqinlik qilganligi uchun, tasdiqlangan dislokatsiya bo‘yicha birga xizmat olib borayotgan Urgut tumani IIBning ikki nafar profilaktika inspektorlari tomonidan YHXB inspektori faoliyatiga to‘sqinlik qilmasliklari borasida tushuntirish berishganida, ushbu fuqarolar xodimlarning qonuniy harakatlariga faol qarshilik ko‘rsatib, uyatli so‘zlar bilan haqorat qilib, ularni urib tan jarohati yetkazishganligi oqibatida ziddiyat kelib chiqqan.

Shu vaqtda fuqaro Q.R. profilaktika inspektorining xizmat kiyimi o‘ng yelka pogonini, Q.R.ning o‘g‘illaridan biri ikkinchi profilaktika inspektorining xizmat kiyimi chap yelka pogonini yulib olgan.

Ushbu ziddiyatni guvohi bo‘lgan Q.B.ning onasi 1965 yilda tug‘ilgan U.R. avtomashinadan tushib, ularni ajratish maqsadida borayotganida to‘satdan qon bosimi ko‘tarilib, o‘zini yomon his qilgan va yerga yiqilgan, lekin hushida bo‘lgan.

Shu fursatdan foydalanib, «Damas» rusumli avtomashina haydovchisi J.S. YHXB inspektorining qo‘lidan o‘ziga tegishli bo‘lgan hujjatlar va ma’muriy bayonnomani tortib olmoqchi bo‘lib, faol qarshilik ko‘rsatgan hamda YHXB inspektorining ko‘krak nishoni yulib olib, noma’lum tomonga qochib ketgan.

Olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida 2019 yil 12 sentyabr kuni soat taxminan 22:30larda Urgut tumani bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan haydovchi S.J. tanishlari orqali ichki ishlar bo‘limiga chaqirtirilib, voqeani rasmiylashtirish jarayonida, undan ko‘krak nishoni hujjatlashtirib olingan.

Fuqaro U.R.ning sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli, profilaktika inspektori tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun yo‘ldagi avtomashinaga o‘tkazib, ushbu hududda joylashgan Urgut tumani Sariqtepa mahallasidagi qishloq vrachlik punktiga olib borgan, ammo qishloq vrachlik punktida hech kim bo‘lmaganligi sababli, shu yaqinda istiqomat qiluvchi, ushbu vrachlik punkti shifokorining yashash uyiga olib borilgan. Shifokor tomonidan fuqaro U.R.ga tibbiy yordam ko‘rsatilib, hech qanday tan jarohati yo‘qligi hamda qon bosimi pasayib, ahvoli yaxshilanganligi sababli, uyiga javob berilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Urgut tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.