Jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda, ma’muriy va iqtisodiy sudlarda fuqarolar tomonidan amalga oshiriladigan barcha to‘lovlarni, shu jumladan, davlat bojini hisobga olish va to‘lashning yagona elektron tizimini joriy etildi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi Axborot-kommunikatsiya texngologiyalari va axborot xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Ochilov «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Yangi tizim davlat rahbarining 2019 yil 5 fevraldagi «Jahon banki va xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston reytingini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida joriy etildi.

Endilikda sudga murojaat qilganlik uchun to‘lovlarni amalga oshirishda bank hisob raqamlari qo‘lda to‘ldirilmaydi, aksincha, avtomatik ravishda tayyor holga keltirilgan to‘lov hujjati asosida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, amalga oshirilgan to‘lovlar uchun banklar tomonidan to‘lov amalga oshirilganligi haqida alohida tasdiq talab etilmaydi. To‘lovlar istalgan usulda elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilishi mumkin. Sud qaroriga asosan undirilishi belgilangan to‘lovlar ham mazkur tizim orqali amalga oshiriladi.

Qarzdor sud to‘lovini maxsus to‘lov kvitansiyasi orqali amalga oshirgan taqdirda to‘lov to‘langanligini tasdiqlovchi ma’lumotnomani sudga taqdim etishi talab qilinmaydi.

Endilikda sudlarda to‘lovlar Oliy sudning yagona elektron to‘lov tizimi orqali shakllantiriladigan maxsus to‘lov kvitansiyalari asosida amalga oshiriladi. Buning uchun Oliy sudning www.sud.uz rasmiy veb-saytining bosh sahifasida joylashtirilgan «Elektron to‘lov tizimi» rukniga o‘tiladi. Ushbu sahifadan maxsus to‘lov kvitansiyasini olish uchun «Yangi kvitansiya yaratish» tugmasi tanlanadi.

Shundan so‘ng tegishli ma’lumotlar to‘ldiriladi va «To‘lovga buyurtma berish» tugmasi orqali to‘lov kvitansiyasi avtomatik ravishda shakllantiriladi.

Shakllantirilgan to‘lov kvitansiyasi PDF formatida yuklab olinadi hamda chop etiladi. Shu yerning o‘zida amalga oshirilgan to‘lov holatini ham tekshirib ko‘rish mumkin.

Sudlarga to‘lovlarni «Elektron to‘lov tizimi»da shakllantirilgan to‘lov kvitansiyasida ko‘rsatilgan maxsus kod yoki raqamlarni kiritish orqali «CLICK» va «Payme» elektron mobil to‘lov tizimlaridan foydalangan holda ham amalga oshirish mumkin.

Mazkur tizim fuqarolar hamda tadbirkorlarga sudga murojaat qilishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan to‘lovlarning tezkorligi va aniqligini ta’minlashga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.