O‘zbekiston terma jamoasi Buyuk Britaniyada parasuzish bo‘yicha jahon chempionatida turli darajadagi medalarni qo‘lga kiritdi. Musobaqalar 9−15 sentyabr kunlari Londondagi Suv sporti turlari markazida bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Paralimpiada-2016 sovrindori Shohsanam Toshpo‘latova milliy termaga oltin va bronza medallarini olib berdi. Islom Asanov esa uch karra kumush medalini qo‘lga kiritdi. Firdavs Musabekov ham terma jamoa uchun kumush medal olib keldi. Nigora Mirzohidova, Muzaffar Tursunxodjayev bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Bundan tashqari, Shohsanam Toshpo‘latova, Islom Asanov va Firdavs Musabekov Tokiodagi Paralimpiada-2020 yo‘llanmasini, qolganlar — reyting ochkolarini qo‘lga kiritdi.

Yo‘llanmani qo‘lga kiritgan sportchilar to‘rtta yo‘nalishda musobaqalarda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston parasuzuvchilari 12 ta yo‘nalishda bellashadi.