Joriy yilning 13−14 sentyabr kunlari Namanganda «XXI asrda tibbiyot va farmatsevtikaning rivojlanishida investitsiyalar va innovatsiyalarning roli» mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Xalq so‘zi Online» xabar berdi.

Anjuman keyingi ish kuni doirasida O‘zbekiston hukumati, Namangan viloyati hokimligi va bir qator xorijiy tibbiy kompaniyalarning vakillari ishtirokida tor doiradagi muzokaralar o‘tkazildi. Unda, ayniqsa, Kuvaytning dunyoga mashhur «Mutawa trade», «Amsterdam international trading CO», «Biziness rekordes» kompaniyalari bilan muloqotlar samarali kechdi.

Bundan tashqari xorijiy investorlar bilan viloyatdagi bir qator tibbiyot muassasalarida davolash va diagnostika sohasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, farmatsevtika korxonalari bilan ishlab chiqarish va savdo bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish yuzasidan muloqotlar olib borildi. Natijada Avstriya, Germaniya, Isroil, Misr, Pokiston, Rossiya, Slovakiya, Ukraina, Hindiston va Xitoy kompaniyalari bilan umumiy qiymati 92,7 mln. dollarlik 22 ta muhim kelishuvga erishildi va bitimlar imzolandi.

Jumladan, «Kosonsoy farm» erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yurituvchi «Spring farmatsevtik» MCHJ hamda Misr Arab Respublikasining «Pharco pharmaceuticals corporation» kompaniyasi hamkorligida 30 mln. dollarlik farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Avstriyaning «AME International GmbH» kompaniyasi o‘rtasida 10 mln. dollarlik qiymatdagi kardiologiya markazini barpo etish, «Merrimed Farm» MCHJ bilan Germaniyaning «Textima Export Import GmBH» kompaniyasi o‘rtasida 30 mln. dollarlik ko‘p tarmoqli zamonaviy tibbiy markaz tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.