Joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida Qashqadaryo viloyati (tuman) tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan davlat soliq xizmati organlarining 4 mingdan ortiq da’vo ishlari ko‘rib chiqilib, 483 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ davlat byudjetiga undirilgan bo‘lsa, 238 ta da’vo talabini qanoatlantirish rad etildi, 51 ta da’vo arizasi ko‘rmasdan qoldirildi, 17 tasi bo‘yicha ish yuritish tugatildi. Bu haqda Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi Husan Tursunov «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Ayni paytda davlat soliq xizmati organlari va tadbirkorlar ishtirokida ko‘rib chiqilayotgan da’volar ichida kameral nazorat tahlili bilan bog‘liq ishlar ayrim hollarda o‘ziga xos bahs-munozalarga, ba’zan esa, tadbirkorlarning haqli e’tiroziga ham sabab bo‘lmoqda. Shu sababli ishning barcha holatlarini har tomonlama, to‘liq o‘rganish, to‘plangan dalillarni ishonchlilik nuqtai-nazaridan chuqur tekshirib, baho berish zarur.

Bunga saa, aynan shunday toifadagi nizolarni ko‘rish davomida tadbirkorlarning haqiqatan ham haqliligi, da’vo arizasi asossiz ravishda kiritilgani aniqlanmoqda.

Misol uchun, da’vogar — Qarshi tuman davlat soliq inspeksiyasining yakka tartibdagi tadbirkor J. Shamanovga nisbatan 31 million so‘m soliq qarzdorligini mol-mulki hisobidan undirish haqidagi da’vo arizasini ko‘rib chiqish natijasida kameral nazorat tahlili asossiz ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shu bois tadbirkorning huquqlari sud tomonidan himoya qilindi.

Sud muhokamasi davomida aniqlangan holatlar va ish hujjatlaridan ko‘rinishicha, yakka tartibdagi tadbirkor J. Shamanov tomonidan 2018 yil noyabr-dekabr oylarida 775 million so‘mlik meva-sabzovot mahsulotlari eksporti amalga oshirilib, 2019 yilning birinchi choragi yakuni bo‘yicha taqdim etilgan yagona soliq to‘lovi haqidagi moliyaviy hisobotlarda tovarlar aylanmasi 0 ko‘rsatilgan. Biroq kameral nazorat orqali hisoblangan soliq summasi 31 million so‘mni tashkil etgani holda byudjetga va davlat maqsadli jamg‘armalariga to‘lanmasdan qolingani qayd etilgan.

Davlat rahbarining 2018 yil 17 oktyabrdagi «Meva-sabzovot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlari ulgurji savdo qilish litsenziyasiga ega bo‘lmasdan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirish huquqiga ega. Bunda yakka tartibdagi tadbirkorlarning meva-sabzavot mahsulotlari eksport tushumlariga yagona soliq to‘lovi to‘lanishini nazarda tutuvchi soliqqa tortish tartibi qo‘llanilishi belgilangan.

Soliq kodeksining 3-moddasida agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan qo‘llanilishi, yangi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar belgilanishi, imtiyozlar to‘liq yoki qisman bekor qilinishi, soliq solinadigan baza oshirilishini nazarda tutuvchi soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ular rasmiy e’lon qilingan paytdan e’tiboran kamida uch oy o‘tgach, amalga kiritilishi belgilangan.

Mazkur me’yor talabidan kelib chiqib, tadbirkorning soliq qarzdorligini hisoblash 2019 yil 18 yanvar oyidan (uch oy o‘tgach) keyingi moliya-xo‘jalik faoliyatiga nisbatan qo‘llanilishi lozim edi.

Biroq da’vogar tomonidan taqdim etilgan da’vo talabi bo‘yicha javobgarning 2018 yil noyabr-dekabr oylarida amalga oshirgan meva-sabzavot eksportiga nisbatan soliq qarzdorligi qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega bo‘lmasa-da, kameral nazorat orqali qayta hisoblangan.

Xuddi shunday holat bo‘yicha Qarshi shahar davlat soliq inspeksiyasining yakka tartibdagi tadbirkor Jamshid Tursunovga nisbatan 31 million so‘m kameral nazorat orqali qayta hisoblangan soliq qarzdorligini uning mol-mulki hisobidan undirish haqidagi da’vo arizasi misolida ham ko‘rish mumkin. Ushbu da’vo arizasi asossiz ekanligi sud muhokamasi davomida tegishli dalillar bilan o‘z isbotini topganligi sababli qanoatlantirish rad etildi.

Soliq to‘lovchining haqliligi prezumpsiyasi prinsipi ustuvorligi ta’minlandi.

Zotan, qonun hujjatlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlarning foydasiga talqin etiladi.