21 iyul kuni “Gazeta.uz” tahririyatiga ko‘rish bo‘yicha bolalikdan birinchi guruh nogironligi bo‘lgan Davron Ziyomedovning qarindoshlaridan murojaat kelib tushdi. Murojaatd Davronning beshinchi yildirki Toshkentdagi “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasiga kira olmayotgani yozilgan edi. Bunga uning kirish imtihonlarida o‘tish balini to‘play olmayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Davron bolalikdan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga kirish hamda imom bo‘lishni orzu qiladi. Biroq, afsuski, o‘rta maxsus islom ta’limisiz oliy diniy ta’lim muassasasida o‘qish yo‘li uning uchun yopiqligicha qolmoqda.

“Madrasa rahbariyati imomlar tayyorlaymiz, deb takrorlaydi, nevaram esa imom bo‘lib ishlay olmaydi, institut faqat madrasani tamomlaganlarni qabul qilamiz, deb turib olgan. Ikki yildan beri Muftiy devoni va Diniy idora devoni kvota ajratish masalasini hal eta olmaydi”, — deydi Davronning bobosi Rustam Matkarimov o‘z murojaatida.

Biroq O‘zbekiston Musulmonlar idorasi rasmiy saytida ko‘zi ojiz odam imomga o‘tsa bo‘ladimi, degan savolga quyidagicha javob keltirilgan:

“Fiqh kitoblarida ko‘zi ojiz odamning mukammal tahorat qilishi qiyin kechgani sababli uning imom bo‘lmasligi avlo, deyiladi. Biroq undan ko‘ra boshqa imomlikka loyiq kishi topilmasa, uning imom bo‘lishi yaxshidir. Chunki ilmli odam ko‘zi ojiz bo‘lsa ham parhezkor bo‘ladi, odamlarda shubha uyg‘otadigan ishlar qilmaydi”.

Ko‘rish bo‘yicha birinchi guruh nogironligi bo‘lgan boshqa bir abituriyent Go‘zal Botirova ham “Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim юртиga kirish uchun o‘tish balini to‘play olmadi. U dunyoviy fanlar — xorijiy til, tarix hamda ma’naviyat va ma’rifat fanlaridan ijodiy imtihon topshirdi. Madrasa ushbu imkoniyatni istisno tariqasida faqatgina uning uchun taqdim etdi, nogironligi bo‘lmagan talabalar esa barcha uchta fan bo‘yicha test sinovlariga kirishdi.

“Ko‘kaldosh” madrasasida ham shu kabi uchta fan bo‘yicha kirish imtihonlari o‘tkaziladi. Biroq dastlab abituriyentlar ma’naviyat va ma’rifat bo‘yicha ijodiy imtihon topshirishlari, so‘ngra chet tili va tarix bo‘yicha test sinovlaridan o‘tishlari lozim. Davron Ziyomedovga ham ijodiy imtihon doirasida barcha fanlar bo‘yicha imtihon topshirish imkoniyati berildi va u eng yuqori 189 baldan 78 ball to‘play oldi. Go‘zal Botirovaning natijasi — 52 ball.

Joriy yilda “Xadichai Kubro” madrasasida bir o‘ringa tanlov 35 nafardan ziyodroqni tashkil etdi, ajratilgan 20 ta o‘ringa 704 abituriyent hujjat topshirdi. “Ko‘kaldosh” madrasasida esa 30 o‘rinlik kvota ajratilgan holda 842 nafar abituriyent hujjat topshirib, bir o‘ringa tanlov 28 kishini tashkil etdi. Har ikki madrasada ta’lim olish narxi 2018−2019 o‘quv yilida 6,5 mln so‘mni tashkil etdi va yangi o‘quv yilida kontraktlar miqdorining o‘sishi kutilmoqda.

Huquqlar istisnolarsiz barcha uchun tengmi?

19 iyul kuni O‘zbekiston Ko‘rlar jamiyati O‘zbekiston Musulmonlari idorasiga o‘zining faol a’zolari — ikki nafar ko‘zi ojiz abituriyentga amaliy yordam ko‘rsatish hamda ularga istisno tariqasida o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga kirish uchun qo‘shimcha kvota ajratishni so‘rab xat bilan murojaat qildi.

“Sizga ma’lumki, ko‘rish faoliyatining buzilishi bo‘lgan shaxs o‘qish va yozish uchun maxsus Brayl yozuvidan foydalanadi… Prezidentimizning adolatli siyosati natijasida ular uchun arab tili va Qur’on o‘qish kurslari tashkil etildi. Biroq, mazkur yo‘nalish jadal rivojlanayotgan bir vaqtda, ko‘rish faoliyati buzilishiga ega talabalarga saboq berish imkoniyatiga ega ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan mutaxassislar yetishmovchiligi kuzatilmoqda”, — deya qo‘shimcha kvotalar zarurligini asoslab berdi O‘zbekiston Ko‘rlar jamiyati Markaziy boshqarmasi.

Mazkur masalani diqqat bilan o‘rgangan Musulmonlar idorasi rais o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur imzosi ostida javob yo‘lladi.

“O‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilish tartiblari to‘g‘risida"gi Nizomga muvofiq, o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga qabul barcha uchun teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, ijodiy imtihon va test sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan abituriyentdan boshlab ketma-ketlik asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan qabul kvotasiga muvofiq, to‘lov-shartnoma asosida qabul qilinadi”, — deyiladi xatda.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur Nizomda nogironligi bo‘lgan abituriyentlarni diniy ta’lim muassasalariga imtiyozli asosda qabul qilish shartlari ko‘zda tutilmagan.

Bundan tashqari, xatda O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida ko‘rsatilgan nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun qo‘shimcha ikki foizlik kvota faqatgina davlat oliy ta’lim muassasalariga taalluqli ekani hamda mazkur imtiyoz O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga joriy etilmasligi ta’kidlanadi.

Ijobiy diskriminatsiya nima uchun zarur?

Vazirlar Mahkamasining oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi qarorida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni prezidentning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiqlashtirish topshirilgan edi.

Masalan, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, 2019−2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasiga Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli qarori doirasida tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizom"ga uchinchi — “Oliy ta’lim muassasalariga ko‘zi ojiz abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish” ilovasiga muvofiq, olti nafar ko‘zi ojiz talaba qabul qilindi. Bir paytning o‘zida, ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun mazkur nizom Toshkent islom instituti va madrasaga joriy etilmasdan qolmoqda.

“Bundan Musulmonlar idorasi o‘zini „manfaatdor idora“ deb hisoblamasligi va O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga o‘z hissasini qo‘shishni xohlamayotganini ko‘rish mumkinmi? Ular ham ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan abituriyentlar ehtiyojlarini hisobga olgan holda qandaydir normativ-huquqiy hujjatni qabul qilishi yoki o‘zining Islom ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilish tartiblari to‘g‘risidagi nizomiga tegishli o‘zgartishlarni kiritishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, — deya taklif kiritmoqda O‘zbekiston Ko‘rlar jamiyati Markaziy boshqarmasi tashkiliy-ijtimoiy bo‘lim yetakchi mutaxassisi Ulug‘bek Mamatxonov.

Poytaxtdagi ikkita madrasaga kirish imtihonlari yakunlari ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan abituriyentlarning nogironligi bo‘lmagan aksariyat abituriyentlarga qaraganda yomon tayyorlanganini ko‘rsatmoqda. Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari moddiy-texnik bazasining past darajada ekani ularning kirish imtihonlariga yomon tayyorgarlik ko‘rganiga sabab bo‘lishi mumkin.

Masalan, ko‘zi ojiz bolalar uchun Brayl yozuvidagi ommabop va zamonaviy o‘quv adabiyotlari va kitoblar sonining yetishmasligi. Buning ustiga, nogironligi bo‘lgan ko‘plab bolalar aynan ta’lim sifati boshqa odatiy maktablardan keskin farq qiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda ta’lim olishga majbur bo‘lmoqda. Ular mamlakatda inklyuziv ta’lim rivojlanmagani hamda umumta’lim maktablari ularning ehtiyojlariga muvofiq kelmasligi sababli ta’lim muassasasini tanlash imkoniyatiga ega emas.

Bunday sharoitlarda, aytish mumkinki, ijobiy diskriminatsiya o‘zini oqlaydi va nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun qo‘shimcha kvotalarning ajratilishi barcha uchun adolatli qaror bo‘lar edi. Axir nogironligi bo‘lgan yoshlar ham diniy ta’limdan ortda qolib ketishlari kerak emas, bu, shuningdek, prezidentning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida tilga olingan “jaholatga qarshi ma’rifat” ulug‘vor g‘oyasiga ham zid keladi.

Bundan tashqari, to‘lov-kontrakt asosidagi ta’lim ham birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan abituriyentlar hamda ularning ota-onalari yoki vasiylari uchun yana bir to‘siq bo‘lishi mumkin. Yiliga 6,5 mln so‘mdan ko‘proq bo‘lgan mablag‘ bolalikdan nogironlik nafaqasi 436 150 so‘m bo‘lib turgan bir paytda nogironligi bo‘lgan a’zosi mavjud oilalar uchun katta to‘siq hisoblanadi. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan davlat granti asosida kvotalar taqdim etilishi bu borada maqbul qaror bo‘lar edi, zotan bugungi kunda “Vaqf” jamoat xayriya jamg‘armasiga tushayotgan mablag‘lar miqdori ortib bormoqda.

Ko‘zi ojiz talabalar tahsil olishlari uchun o‘zlari ham xuddi shunday nogironlikka ega bo‘lgan Brayl bo‘yicha mutaxassislar zarur. Karlar va zaif eshituvchi odamlar uchun esa — diniy bilimlardan yaxshigina xabardor bo‘lgan va diniy mavzularni chuqur anglab yetgan imo-ishoralar tili tarjimoni yoki yaxshisi zaif eshituvchi mutaxassislar bo‘lishi lozim. Nogironlar aravalari foydalanuvchilari va tayanch-harakat apparati buzilishlari bo‘lgan shaxslar uchun esa madrasa va oliy diniy muassasalarda qo‘shimcha jismoniy muhit yaratilishi zarur.

Boshqacha qilib aytgancha, turli darajadagi islom ta’lim muassasalari uchun Davron Ziyomedov va Go‘zal Botirov singari ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan odamlar bilan ishlash ko‘nikmasiga ega nogironligi bo‘lgan bo‘lg‘usi islomshunoslar o‘ta zarur. Chunki ular islom va dunyo tamadduniga o‘zlarining beqiyos ulushlarini qo‘shgan ajdodlarimizning boy madaniy va diniy merosini o‘rganishni xohlovchi nogironligi bo‘lgan yoshlarning navbatdagi guruhini yetishtirib chiqarishi mumkin bo‘lgan kadrlarga aylanishlari mumkin. Zero, Toshkent islom institutiga nomi berilgan o‘rta asrlar olimi al Buxoriyga ham ko‘z nurining zaiflashgani madrasada ta’lim olishida hech qanday to‘sqinlik yaratmagan.

Yuqorida sanab o‘tilgan omillardan kelib chiqqan holda biz nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun islom ta’lim muassasalarida ijobiy diskriminatsiya choralarini ko‘rish maqsadga muvofiq bo‘ladi va o‘zini to‘liq oqlaydi, degan fikrni ilgari suramiz. Buning uchun O‘zbekiston Musulmonlari idorasi nogironligi bo‘lgan abituriyentlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish yo‘lidan borishi hamda o‘z ta’lim muassasalarida “Vaqf” jamg‘armasining moliyaviy yordamida hech bo‘lmasa bitta grant asosidagi o‘rinni qo‘shimcha kvota sifatida ochishini tavsiya qilamiz.

Hech qachon unutmaslik lozimki, Allohning Elchisi (sallollohu alayhi va sallam) Madinadan safarga chiqar ekan, odatda ko‘zi ojiz tug‘ilgan Abdulloh ibn Ummu Maktumni shaharga noib sifatida qoldirib ketar edi. Bu hol Payg‘ambarimizning Abdulloh ibn Ummu Maktumga yuksak hurmatlari ifodasi edi.

Mualliflar fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.

Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Rivojlanish muammolarini o‘rganish instituti doktoranti.

Ulug‘bek Mamatxonov — O‘zbekiston Ko‘rlar jamiyati Markaziy boshqarmasi tashkiliy-ijtimoiy bo‘lim yetakchi mutaxassisi.