O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi taklifi bilan Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Qit’a futbol uyushmasi rahbarini Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Qosimov hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov kutib oldilar.

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro ishonch va munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ushbu tashrif davomida Shayx Salmon o‘zbek futbolidagi islohotlar va kelajakdagi rejalar bilan yaqindan tanishadi.