O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shanba kuni «Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonasidagi «Shaffof omadli sanoat» xususiy korxonasiga tashrif buyurdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Kompaniya yiliga 230 ming dona metan va 250 ming dona propan uskunalari, 300 ming dona butlovchi va ehtiyot qismlarini ishlab chiqaradi.

Mazkur korxonada kelgusi yildan yuk tashuvchi karalar, 2021 yildan elektromobillar ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. Xitoyning Silk Road Company kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan mazkur loyihaning umumiy qiymati 30 million AQSh dollari bo‘lib, shundan 24 million dollari xorijiy investitsiyadir.

«Hisob-kitoblarga ko‘ra, yurtimizda ishlab chiqariladigan ekologik toza elektromobillar narxi 3 ming dollar atrofida bo‘ladi. Ular neft mahsulotlari cheklangan sharoitda muhim ahamiyat kasb etadi», — deyiladi xabarda. Avtomobillarning texnik tafsilotlari oshkor qilinmadi.

Davlat rahbarining 2017 yil 12 yanvardagi farmoniga asosan tashkil etilgan ushbu erkin iqtisodiy hudud qariyb 710 gektar maydonda joylashgan. Bu yerda mashinasozlik, to‘qimachilik, elektr texnikasi, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, charm-poyabzal va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 180 million dollarlik 94 ta investitsiyaviy loyiha amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda 52 million dollarlik 29 ta loyiha foydalanishga topshirilgan, 1 ming 700 ga yaqin ish o‘rinlari tashkil etilgan. Joriy yilning sakkiz oyida erkin iqtisodiy zona rezidentlari tomonidan jami qiymati 407 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 3,3 million dollarlik tovarlar eksport qilingan.