Toshkent IIBB internetda Chilonzor tumanida YPX inspektori piyodani urib yuborgani haqidagi xabarlarni tasdiqladi. O‘z navbatida, piyodaning vafot etgani haqidagi ma’lumotni rad etdi.

Hodisa 12 sentyabr kuni taxminan 8:00 da Bunyodkor ko‘chasida sodir bo‘ldi. «Kichik serjant B. K. Lacetti xizmat avtomobilida xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda piyodalar o‘tish yo‘lagidan 30 metr uzoqlikda belgilanmagan joydan yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yubordi», — deyiladi xabarda. To‘qnashuvdan so‘ng haydovchi boshqaruvni yo‘qotadi va mashina yo‘l chetida turgan Lacetti avtomobiliga borib uriladi.

YTH natijasida 46 yoshli Zafar A. tan shikastlari bilan tibbiy yordamga murojaat qilgan. Hozirgi vaqtda shifokorlar uning holatini qoniqarli deb baholamoqdalar.

Ushbu fakt bo‘yicha IIBB xodimiga nisbatan olib borilayotgan xizmat tekshiruvi davomida YTH sababi aniqlanadi.