Prezidentning 11 sentyabrdagi qarori bilan Sarvar Nadjimovich Babaxodjayev Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Shu munosabat bilan, Sarvar Babaxodjayev Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Sarvar Babaxodjayev (1978 y. t.) — Toshkent davlat texnika universiteti (1998) va Yaponiya xalqaro universiteti (2002) bitiruvchisi.

2016−2018 yillarda Toshkentdagi Inha universiteti rektori, ungacha ushbu OTMning akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i hamda ma’muriy masalalar bo‘yicha bosh menejer lavozimlarida ishlagan.

2014−2015 yillarda Innovative initiatives institute nodavlat ta’lim muassasasi direktori va maslahatchisi, 2009−2014 yillarda — Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti moliya bo‘limi va ma’muriyati bosh menejeri bo‘lib ishlagan.

2017 yildan «O‘zbekiston-Koreya Respublikasi» do‘stlik jamiyati boshqaruvi raisi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, yangi agentlik prezident Shavkat Mirziyoyevning 9 sentyabrdagi qarori bilan tashkil etilgan edi.