Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Qashqadaryo viloyatida tez tibbiy yordam avtomashinalari haydovchilari o‘z hisobidan yonig‘li va ehtiyot qismlarga pul to‘layotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Xabarlarda AI-91 benzini berilishi kerak bo‘lgan avtomobillarga nostandart AI-80 benzini quyilishi, shu bois ham haydovchilarda yonilg‘i sarfi ko‘payib ketishi, ortiqcha xarajat haydovchi zimmasiga tushishi, avtomobil ehtiyot qismlari uchun ham haydovchilardan pul undirishga harakat qilishlari, avtomobil moyini almashtirish, shina teshilsa, yamatish kabi kundalik harajatlar haydovchilar zimmasiga yuklatilishi ta’kidlanadi.

Qayd etilishicha, boshqarmaning maxsus va tez tibbiy yordam avtoxo‘jaligida «Hyundai», «Toyota», «Nissan», «Damas» kabi avtomashinalar aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Qaysi markadagi yonilg‘i olishni avtoxo‘jalik yoki boshqarma hal eta olmaydi. «O‘zbekneftmahsulot» aksionerlik jamiyati tomonidan yetkazib beriladigan yonilg‘i fondining yillik taqsimot jadvalida faqat AI-80 benzini berilishi nazarda tutilgan. AI-91 benzini birjadan kimoshdi savdosi orqali olinadi. Tez orada avtoxo‘jalikdagi «Damas» rusumli barcha avtomashinalarni gaz yonilg‘isiga o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. Mazkur tadbir tufayli tejalgan mablag‘ hisobidan birjadan AI-91 benzini sotib olish imkoniyati vujudga keladi.

Har bir avtomashina tegishli tashkilotlar tomonidan yonilg‘i sarfi bo‘yicha me’yoriy tekshiruvlardan o‘tkazilgan. 2019 yil fevral oyidan avtoxo‘jalikdagi barcha avtomashinalarda GPS qurilmasining ishlashi ta’minlandi. Yo‘l varaqalari orqali chaqiruvga chiqqan avtomashina bosib o‘tgan masofa va yonilg‘i shu qurilmada hisoblanadi. Agar belgilangan me’yordan ortiqcha yonilg‘i sarflangan bo‘lsa, bu harajatlar tegishli tartibda haydovchidan undirilmoqda.

Shuningdek, ilgari avtomashinalarni ta’mirlash ishlari avtoxo‘jalik slesarlari tomonidan bajarilgan bo‘lsa, 2019 yil yanvar oyidan boshlab bu ishlar birja orqali tanlangan avtoservis tomonidan tegishli shartnoma asosida amalga oshirilmoqda. Moliya idoralari tomonidan ajratilgan mablag‘lar asosida joriy yilda avtoxo‘jalik ehtiyojiga qarab 277 ta avtomashinaga davlat birjasi orqali shina olingan. Belgilangan normativga ko‘ra, har bir avtomashinaga 70 000 kilometr yo‘l bosganidan so‘ng shina, 2 yil-u 2 oyda akkumulyator ajratilishi ta’minlanmoqda. Moy almashtirish ishlari avtoxo‘jalik stansiyasining o‘zida slesar tomonidan amalga oshiriladi. Kolonna boshlig‘i talabnoma orqali yurgan masofasiga qarab me’yor asosida moy va filtr qismlarini ajratadi.

«Avtoxo‘jalik ma’muriyati ehtiyot qismlar uchun haydovchilardan pul talab qilganlik holati kuzatilmagan. Ayni paytda Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan avtoxo‘jalikda mazkur holat o‘rganilmoqda. O‘rganish natijalari ma’lum qilinadi», — deyiladi xabarda.