13 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar «Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009 yil 3 oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida"gi qonun loyihasini qabul qildi. Bu haqda parlament Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Hozirda ushbu tuzilmaga Ozarbayjon, Turkiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston a’zo hisoblanadi.

Muhokamalar chog‘ida deputatlar O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi faoliyatidagi ishtiroki huquqiy, tabiatni muhofazalash, madaniyat, ilmiy, harbiy-texnikaviy, ta’lim, energetika, transport, moliya-kredit va boshqa sohalarda umumiy manfaatlarini ifodalashda mamlakatning turkiy tilli davlatlar bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdilar.

Bundan tashqari, deputatlarning fikricha, ushbu tuzilmaga a’zolik savdo-investitsiyaviy, tovarlarning erkin harakatlanishi, kapital, xizmat va texnologiyalar hamda moliya-bank operatsiyalarini yengillashtirish maqsadida kelgusida bojxona va tranzit jarayonlarini yanada soddalashtirish imkonini yaratadi. Shuningdek, turizmni rivojlantirish bo‘yicha ham ulkan imkoniyatlar mavjudligi, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning 3 sentyabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon ota shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining oltinchi sammitida ishtirok etib, nutq so‘zlagan edi.

Avvalroq Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lishga qaror qilgani haqida xabar berdi. «O‘zbekiston tomonining rasmiy murojaati Turk kengashi kotibiyatiga kelib tushdi», deya xabar qildi Turkiyaning Ahaber nashri. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, a’zolik uchun rasmiylashtirilishi lozim bo‘lgan hujjatlar Toshkentga yuborilgan va a’zolikka qabul qilish jarayoni tez orada yakuniga yetadi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, faoliyatining asosi turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va qo‘shnichilikni mustahkamlash, hududda va jahonda tinchlikni saqlash, xavfsizlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan.