13 sentabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Fransiya favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Izabel Servoz-Galluchchini qabul qildi, deya xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qila turib, vazir elchini tayinlov bilan qutladi va unga omad tiladi.

Bo‘lib o‘tgan suhbatda ko‘p qirrali O‘zbekiston — Fransiya muloqotini sifat jihatdan yangi darajaga ko‘targan 2018 yilda Fransiyaga rasmiy tashrif doirasidagi prezident Shavkat Mirziyoyevning prezident Emmanuyel Makron bilan olib borgan muzokaralari chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga muhim e’tibor qaratildi.

Siyosat, iqtisod, turizm, madaniyat va ta’lim kabi sohalardagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan tomonlarning manfaatdorligi tasdiqlandi. Uchrashuvda o‘zaro savdo hajmlarini oshirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Fransiyaning O‘zbekistondagi avvalgi elchisi Violen Biyet de Vilmor avgustda diplomatik missiyasini yakunladi.